Toshkentda 1 tup daraxt kesgan fuqaro 17,3 mln soʻm miqdorida jarimaga tortildi

15:41 21 Avgust 2024 Jamiyat
250 0

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi

Toshkent shahri Sergeli tumanida 1 tup mojjevelnik (archa) daraxtini kesgan fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Sergeli tumani Madadkor MFYda yashovchi fuqaro Y.U. tomonidan 1 ta daraxt kesilib, oʻsishdan toʻxtash darajasida shikast yetkazilgan. Oqibatda tabiatga 8 million 840 ming soʻm zarar yetgan.

Huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, Y.U.ga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 8 million 500 ming soʻm jarima belgilandi. Shunga koʻra, huquqbuzar umumiy hisobda 17 million 340 ming soʻm tovon toʻlaydigan boʻldi.

Bundan tashqari, unga Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga asosan kesilgan daraxt uchun kompensatsiya tarzida 100 tup koʻchat ekish majburiyati yuklatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?