Toshkent dengizida baliq ovlaganlar tabiatga 41 mln so‘m zarar yetkazdi

11:42 08 Oktyabr 2024 Jamiyat
114 0

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi

Toshkent dengizida baliq ovlaganlar tabiatga 41 mln so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani O‘rtabo‘z mahallasida joylashgan Toshkent dengizi hududida olib borilgan reyd davomida S.Ch., I.N. va N.J. tomonidan suv omborida noqonuniy ravishda baliq ovlanayotganligi aniqlandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, huquqbuzarlar jami 116 dona oq sila, tovon baliq, zog‘ora baliq hamda oq qayroq ovlagan. Oqibatda tabiatga 41 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Reyd davomida topilgan 3 ta qayiq hamda 2 ming metrdan ziyod leskali to‘rlar holatga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlash uchun Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi omborxonasiga joylashtirildi.

To‘plangan hujjatlar holatga qonuniy baho berish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tuman sudiga yuboriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?