Tongni sport maydonida qarshi olayotganlar
Foto: Халқ сўзи
Ilmiy-amaliy tadqiqotlardan maʼlumki, kundalik hayotda jismoniy mashgʻulot bilan shugʻullanishni odatga aylantirish inson organizmiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Modda almashinuvi yaxshilanadi, organizm toʻqimalari oziq moddalarini meʼyorda oʻzlashtiradi. Tinimsiz harakat yurakni chiniqtirib, chidamli boʻlishga yordam beradi. Har kuni 25-30 daqiqa yugurish, turli mashqlarni bajarish yurak-qon tomir funksiyasining faollashishiga, nafas olishning yaxshilanishiga, suyaklar mustahkamlanishiga, muskullar yanada kuchli boʻlib, boʻgʻinlarning harakatchanligi ortishiga, ovqatning yaxshi hazm boʻlishi va asab tizimining xotirjamligiga sabab boʻladi.
COVID-19 pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatorida Oʻzbekistonda ham aholining sogʻligʻi, jismonan salomatligi, sogʻlom hayot kechirish darajasini yaxshilash chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish zaruratini koʻrsatdi. Infeksiya birinchi galda yurak-qon tomir va nafas olish yoʻllari kasalligi mavjud boʻlgan, shu bilan bir qatorda ortiqcha vaznga ega hamyurtlarimiz sogʻligʻiga jiddiy xavf soldi. Natijada ular orasida hayotni bevaqt tark etganlar boʻldi. Bu esa respublikamizda ommaviy sport rivoji jadallashuviga qaysidir maʼnoda turtki berdi. Jumladan, 2020-yilning 30-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Joylarda ushbu Farmon ijrosi doirasida “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi keng ommalashdi. Bu hamyurtlarimiz doimiy harakatning inson salomatligidagi oʻrni nechogʻli muhim ekanini chuqur anglab yetayotganidan dalolatdir.
Andijon viloyatida fuqarolarning sportga qiziqishini yanada ommalashtirish, buning uchun yetarli sharoit yaratish maqsadida mavjud 5298 ta sport inshooti kun davomida 7 soat mobaynida mahallalar aholisi uchun xizmat qila boshladi. Natijada oʻtgan yilning oʻzida mahallalardagi mavjud aholining 35,6 foizi jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi yoʻlga qoʻyildi. Biroq bu borada hali amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar bisyor.
— Davlatimiz rahbarining shu yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq viloyatimizda 6 ming 200 dan oshiq sport musobaqalari va ommaviy sport tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan, — deydi Andijon viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Oʻtkirbek Toshpoʻlatov. — Ularga 514 mingdan ziyod aholini qamrab olish koʻzda tutilmoqda. Bu kabi tadbirlarni tashkil etishda, eng avvalo, uyushmagan yoshlar va foydali ijtimoiy-mehnat bilan band boʻlmagan xotin-qizlar qatlamini jalb qilishga eʼtibor qaratmoqdamiz. Sababi, ayni paytda viloyatdagi mavjud korxona va tashkilotlarda, oʻquv muassasalarida har kuni ertalab badantarbiya mashgʻulotlarini tashkil etish, haftaning belgilangan kunlarida ommaviy sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish anʼanaga aylangan. Uy bekalari, oʻqish yoki ish bilan band boʻlmagan yoshlar orasida harakatlanish mexanizmini shakllantirish kelgusi asosiy vazifalarimizdan biridir.
Shuningdek, viloyatda 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan navqiron avlod vakillari oʻrtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” tadbirlari oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, manzillarda ushbu tadbir koʻtarinki ruhda tashkil etilmoqda. Sport musobaqalari 5 ta bosqichdan iborat boʻlib, dastlab koʻchalar miqyosida tashkillashtirilib, keyinchalik mahalla, sektor, tuman, shahar va viloyat bosqichlarida gʻoliblar aniqlanmoqda. Shu tariqa eng faol ishtirokchilar respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadilar.
— Hududimizdagi 37 ta MFYda istiqomat qiluvchi aholini ommaviy sportga va badantarbiya mashqlariga jalb etish maqsadida 35 ta maktab sport zallari, 14 ta sunʼiy qoplamali maydonlar, 4 ta katta stadion, 6 ta trenajyor zali va 37 ta vorkaut maydonchalari, bitta bolalar va oʻsmirlar sport maktabidagi sport zali va stadionda yetarli sharoit yaratildi, — deydi Buloqboshi tuman sportni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Kozimjon Qovlonov. — Har bir mahallaga bir nafardan sport murabbiylari biriktirildi. Ular aholini nafaqat sport musobaqalariga tayyorlamoqdalar, balki tongda jismoniy va badantarbiya mashqlari bilan shugʻullanishlarini ham tashkil etmoqdalar. Shu kungacha Baxtiyorjon Xotamov, Gulandon Joʻrayeva, Abdulhamid Abdurayimov, Gulmira Najmiddinova kabi murabbiylarimiz aholining jismoniy holatidan kelib chiqqan holda amaliy mashgʻulotlar jadvalini tuzib chiqdilar. Unga muvofiq kimdir piyoda yurish mashqlariga jalb etilayotgan boʻlsa, boshqa birovi yugurish amaliyotini oʻtamoqdalar. Voleybol, basketbol, futbol, stol tennisi va velopoyga boʻyicha mashgʻulotlar esa keng tus olmoqda.
Buloqboshi tumanida boʻlib, aholini ommaviy sportga jalb etish jarayoni bilan tanishish davomida oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgani guvohi boʻldik. Hududda istiqomat qiluvchi aholining 40 yoshdan yuqori boʻlgan qatlami bilan alohida shugʻullanish tartibi joriy etilgan. Eʼtiborlisi, umri davomida sport maydonida shugʻullanmagan ayrim zamondoshlarimiz endilikda viloyat bosqichidagi musobaqalarda ham faol ishtirok etmoqdalar. Respublika miqyosida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan Avazbek Abduvaliyev, Shuhratbek Rashidov, Muhammadjon Sotvoldiyev sportdagi yutuqlariga mahallalarda ommaviy sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar sabab ekanini alohida taʼkidladilar. Tuman markazida 5 km masofadan iborat piyoda yurish va velosipedda harakatlanish yoʻlaklari barpo etilgani esa mahalliy hokimlik tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar ifodasidir.
Darhaqiqat, Andijon viloyatida ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida qilinayotgan ishlar yurtdoshlarimiz turmush tarziga, salomatlik koʻrsatkichlariga va hatto dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsata boshladi. Buni deyarli har tongni Qoʻrgʻontepa tumanidagi «Savoy» oʻyingohida qarshi oladigan Sharofat Karimovaning soʻzlari ham tasdiqlaydi.
— Uzoq yillar davomida maktabda oʻqituvchilik qilganman, — deydi Sharofat opa. — Nafaqaga chiqqanimdan buyon har kuni tongni shu oʻyingohda qarshi olaman. Sababi, harakatsizlikdan betob boʻlib qolishni xohlamayman. Atrofimda bir paytlar turli kasallikdan aziyat chekib, bugungi kunda faol hayot tarzini kashf etgan oʻnlab safdoshlarim bor. Birgalikda yuramiz, yuguramiz, badantarbiya mashqlarini bajaramiz, raqsga tushib, qoʻshiq aytamiz. Bu orada namoz oʻqishni ham unutmaymiz. Chunki, yaxshi bilamizki, tongni sogʻlom ruh va tetiklik bilan qarshi olgan kishi kun davomida aqliy va jismoniy faol boʻladi. Bu borada hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan ekan, undan unumli foydalanishimiz kerak. Axir bularning bari biz uchun, bizning sogʻlom hayot kechirishimiz uchundir!
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring