“Tomorqani qadrlab kam boʻlmadim”

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Muborak Hamroyevaning tomorqaga mehri boʻlakcha. Mabodo, qayerdadir bir parcha yer qarovsiz, boʻsh yotganini koʻrsa ancha vaqtgacha oʻziga kelolmay yuradi. “Yerning uvoli tutadi” deya ayrim boqibegʻam kishilarga tanbeh bergan paytlari ham uchragan.
Buxoro tumanidagi “Amirobod” mahallasi Ogʻar qishlogʻida yashovchi bu ayolning yerni shu qadar qadrlashi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) vakillarida ham iliq taassurot qoldirdi. Ular bu tinib-tinchimas ayolning tomorqasini konveyerga qiyoslab, boshqalarga namuna qilib koʻrsatyapti.
Darvoqe, FAO vakillarining bu xonadonga tashrif buyurishgani bejiz emas. Bundan salkam uch yil muqaddam mazkur tashkilot Muborak Hamroyeva uchun bir sotixli ixchamgina issiqxona qurib bergandi.
— Buni oilamizga bildirilgan ishonch sifatida qabul qildim, — deydi M. Hamroyeva. — Sizga yolgʻon, menga chin, qishning eng sovuq kunlarida ham shu issiqxonadan bozorga mahsulotni paylar-pay yetkazib turdim. Sarimsoqpiyoz, ismaloq, koʻkpiyoz, shivitning bozori chaqqon boʻldi. Ekindan boʻshagan zahoti pomidor, bodring yetishtirdik. Yiliga uch marta hosil oldik. Tomorqani qadrlab kam boʻlmayapmiz. Masalan, 2024-yilda shu issiqxonadan 25 million soʻm daromad qildik.
Muborak opaning chamasi qirq tup daraxtdan iborat mevazori ham bor. Ogʻilda sigir-u qoʻyni koʻrish mumkin. Tovuq boqyapti. Roʻzgʻor ehtiyojidan ortiqcha oʻrik, olma, gilos, sut-qatiq bozorga chiqarilmoqda.
Endi M. Hamroyeva istiqomat qilayotgan hududdan chamasi 100 kilometr uzoqlikda joylashgan “Qumkashon” mahallasiga toʻxtalamiz. Viloyatning eng chekka tumani sanalgan Olotdagi bu mahallada Zarnigor Shoyimova degan uy bekasi istiqomat qiladi. Koʻngli ochiq, sodda, mehnatkash bu ayolning turmush farovonligiga oid oʻziga xos qarashi bor. “Toʻqlik yoʻqlikdan yaxshi, tomorqa toʻqlikning naqshi”, deydi u.
Gap shundaki, Z. Shoyimova 40 sotix yerni uzoq muddatli ijaraga olgan. Bu yerda kartoshka, pomidor, bodring, sabzi, bulgʻor qalampiri, loviya, oshqovoq yetishtirilmoqda. Bu oila hatto qovun va tarvuz yetishtirish hadisini ham olgan.
— Joriy yilning olti oyida shu tomorqadan 40 million soʻm atrofida daromad olishni koʻzlab turibmiz, — deydi Z. Shoyimova. — Keyin takroriy ekin ekamiz. Odatda, bizda kechki sabzi, piyoz, kartoshkadan moʻl hosil olinadi. Shulardan kelib chiqilsa, tomorqadan moʻmay daromad koʻrishimiz tayin. Shukr, roʻzgʻorimiz but. Dehqonchilik ortidan dasturxonimiz toʻkin. Sut-qatiqqa ham yolchiganmiz. Tomorqaga mehr qoʻyish ortidan orzu-havaslarimizga yetyapmiz.
Biz biri-birini yuz kilometrdan ziyod masofa ajratib turgan ikki oila tomorqa xoʻjaligi misolida yer bebaho xazina ekani xususida toʻxtaldik. Vaholanki, har ikkala mahallada dehqonchilik madaniyatini risoladagidek yoʻlga qoʻygan, tomorqadan kelayotgan foydani roʻzgʻor kam-u koʻstini toʻldirishga, oʻgʻil-qizlarining oʻqishiga sarflayotgan oilalar juda koʻp. Bu xonadonlardan ibrat olganlar albatta baraka topadi. Sirasini aytganda, hayotning oʻzi eng yaxshi ibratxonadir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring