Rassom shoirdan, shoir rassomdan ilhom oladi — Badiiy akademiyada ijodkor juftlikning asarlari taqdimoti oʻtkazildi
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
22-oktyabrdan boshlab Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida sanʼat arbobi, professor, rassom Ortiqali Qozoqovning “Ipak yoʻllarida moʻyqalam bilan” nomli shaxsiy koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi. Koʻrgazma doirasida Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Guli Nigorning sheʼriy kitoblari taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Koʻrgazmada rassomning Buyuk ipak yoʻliga bagʻishlangan 50 ga yaqin rangtasvir yoʻnalishidagi asarlari namoyish etilmoqda. Muallifning aytishicha, asarlar uchun Ipak yoʻli boshlangan Xitoyning Yanchjoy shahridan Misrgacha, shuningdek, Yevropa mamlakatlari boʻylab qilgan ijodiy safarlari chogʻida ishlangan xomaki rasmlar asos qilib olingan.
Koʻrgazmaga qoʻyilgan har bir asar insonni hayratlantiradi. Qay biri koʻrgazmaning “shoh asari” ekan deb, oʻylab qolasan kishi. Buni rassomning oʻzidan soʻraganimizda u shunday javob berdi:
— Bilasizmi, odatda har bitta yaratilgan asar qanchadir vaqt oʻtgandan keyin rassom uchun qadrdon doʻstga aylanib boradi. Albatta, bu tomoshabinlar, muxlislar qalbidan joy olishiga ham bogʻliq. Chunki, shunga qarab, u asta-sekin ommalashadi, qalblarga kirib boradi. Bir necha yillardan keyin, oʻsha asar shunchalik katta bir hurmat-ehtiromga ega boʻladiki, u shundan keyin haqiqiy “shoh asar” boʻladi.
Bundan tashqari, Ortiqali Qozoqov Oʻzbekistonda tasviriy sanʼat, umuman sanʼatga berilayotgan eʼtiborni eʼtirof etdi.
— Oʻzbekistonda tasviriy sanʼat, umuman sanʼatga berilayotgan eʼtiborni yuqori, — dedi u. — Chunki ijodkor eʼtibordan ilhomlanib asarlar yaratadi. Oʻzbekistonda toʻrt faslning oʻziga xosligi, katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotganligi... bularning barchasi oʻz-oʻzidan goʻzal asarlar yaratishga kuch beradi.
Koʻrgazmaga tashrif buyurgan maxsus mehmonlar qatorini toʻldirgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, yozuvchi, jurnalist Xurshid Doʻstmuhammad Ortiqali Qozoqovning ijodini 40-yildan beri kuzatishni aytdi.
— Ortiqali Qozoqovni xolis ijodkor deyish mumkin, — dedi yozuvchi. — U ranglardan ustalik bilan foydalanadi, kayfiyatdan foydalanadi-da, tomoshabinni xursand qiladigan, koʻziga, diliga, koʻngliga zavq beradigan rasmlarni chizadi. Bu ham oʻziga xos uslub, badiiy dunyoqarash deyish mumkin.
Rassom boʻladimi, shoir boʻladimi, takomillashib bormogʻi kerak. Chunki hayot rivojlanib boryapti. Ortiqali Qozoqovni mutaxassis sifatida emas, bir tomoshabin, muxlis, shinavanda sifatida kuzataman.
Shu tobda Xurshid Doʻstmuhammad koʻrgazma doirasida boʻlib oʻtgan Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Guli Nigorning sheʼriy kitoblari taqdimotiga soʻzni burdi:
— Men bugun bildim: Guli Nigor Ortiqalining oila aʼzosi ekan. Shoiraning bir nechta kitoblari chop etilgan. “Kuzgi yaproqlar simfoniyasi” degan salmoqli kitob chiqibdi. Bu oilaga havas qilsa arziydi. Demak, oilada ijodiy muhit doim hukmron. Ehtimol, farzandlariga ham oʻtgan. Rassom shoirdan, shoir rassomdan ilhom olishi hayotda tabiiy bir narsa. Bu ham baxt, oilaning baxti.
Maʼlumot uchun, koʻrgazma doirasida shoira Guli Nigorning “Kuzgi yaproqlar simfoniyasi” va “Qalbim tubidagi gavharim" nomli sheʼriy kitoblarining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Ortiqali Qozoqovning “Ipak yoʻllarida moʻyqalam bilan” nomli shaxsiy koʻrgazmasi 2-noyabrgacha davom etadi.
Mashhura Alimardon, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring