Til — millat ruhidir

21:14 21 Oktyabr 2021 Madaniyat
3266 0

Insonga ato etilgan neʼmatlar orasida til, xususan, ona tilining oʻrni beqiyos. Tildek barchaga birdek tegishli, qancha ishlatilsa, shuncha ohori ortadigan boshqa xazinani topishimiz mushkul. Tilimiz sofligiga shu til egasi sifatida kichik bir ulush qoʻsholsak, demakki, umrimiz ham tilimiz bilan yuksalaveradi.

Hamyurtlarimizning fikrlari ham tilimizni asrashda har bir insonning alohida oʻrni borligi xususida.

Roʻza NIYOZMETOVA, pedagogika fanlari doktori, professor:

— Milliy til haqida soʻz borar ekan, beixtiyor maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning ushbu soʻzlari yodga tushadi: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti uning tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.

Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganidan keyingi oʻtgan davrda koʻplab ishlar amalga oshirildi, rasmiy-idoraviy qogʻozlar asosan oʻzbek tilida yuritilmoqda, koʻcha-koʻydagi eʼlonlarning ham davlat tilida boʻlishiga eʼtibor berilmoqda. Oʻzga millat vakillari ham nutqiy faoliyat turlaridan nutqni tinglab tushunish va oʻqishni egallashda jonbozlik koʻrsatmoqda. Ona tilidan, shuningdek, rusiyzabonlar uchun oʻzbek tilidagi maktab darsliklari yil sayin takomillashtirilib borilmoqda. Lekin oʻzbek tili taʼlimini ham, ona tili taʼlimini ham yanada samarador qilish uchun bular yetarli emas. Chunki tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar monografiya, metodik qoʻllanma, oʻquv qoʻllanmalari tayyorlar ekan, aksariyat hollarda ularni oz adadda, koʻpi bilan 100 tadan 300 tagacha nusxada nashr ettiradi. Sanoqli oʻqituvchilarning ushbu nashrlardan bahramand boʻlishi yurtimizdagi barcha oʻqituvchilar ulardan bexabar boʻlishi oldida haminqadardir. Kitob doʻkonlarida oʻzbek tilining akademik grammatikasi haqidagi asarlar, shaklan oʻziga xos boʻlgan tilimizni oʻqitishga doir qoʻllanmalar paydo boʻlishi umumiy metodik va nutqiy savodxonlikni oshirishga katta hissa boʻlib qoʻshiladi.

Unutmaslik kerakki, qaysiki xalqning tili tanazzulga yuz tutsa, oʻsha xalqning inqirozi muqarrardir. Shuning uchun oʻz qadrini bilgan millat ona tilini oʻzini asraganday asraydi, uning taraqqiyoti, taqdiri uchun muttasil kurashadi.

Nilufar XOJIMATOVA, Mirobod tumanidagi 125-umumtaʼlim maktabi direktori:

— Til har qanday millatning tafakkuri va madaniyatini ham belgilaydi. Ona tili va adabiyoti rivoji yoʻlida shijoat koʻrsatayotgan xalq oʻz kelajagiga befarq boʻlmagan xalqdir. Chunki, til va adabiyot taraqqiyoti bu maʼnaviy yuksalishning birinchi bosqichidir.

Toʻgʻri, biz qaysidir maʼnoda 30 yilki tilimizni saqlab qolish, rivojlantirish uchun harakat qilyapmiz. Ammo nazarimda, natija qoniqarli emasdek. Chunki bu jarayonga faqat masʼul tashkilotlar emas, har bir fuqaro javobgar boʻlishi lozim. Unutmaslik joizki, inson oʻz ona tilini qadrlamas ekan, taraqqiyot haqida gap ham boʻlishi mumkin emas.

Demak, oʻzbek tilining jamiyatimizdagi va xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirish har birimizning bir tanu bir jon boʻlib harakat qilishimizga bogʻliq. Bugun fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank moliya tizimi, yurusprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi oʻta muhim tarmoqlarda oʻzbek tili oʻzining haqiqiy oʻrnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish salohiyatli tilshunos olimlarimiz oldidagi muhim vazifa boʻlib turibdi.

Ishonamanki, eng rivojlangan davlatlar qatoridan oʻrin olishni maqsad qilgan xalqimiz ona tilimiz, tariximiz va madaniyatimiz bilan ham dunyoning eng moʻtabar maqomlaridan joy oladi.

Bekmurod ALIMOV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi:

— Oddiy aholi fikrini adabiy tilda ifodalashga qiynaladi. Bir necha xorijiy tillarni mukammal bilgan hamyurtlarimiz uchun esa oʻz fikrini oʻrgangan tillarida ifoda etish qulay. Oʻzbek adabiy tilining butunlay xalqimizga singib ketmayotganligi biroz ogʻriqli holat chindan ham. Bu xususda Erkin Vohidov shunday yozgan edi: “Oʻzbek tilining oʻz grammatikasi — sarfu nahvi yoʻq. Kimga tobe boʻlsak uning tili qoidalarini olganmiz. Hozirda rus tilining soʻz yasash, gap qurish, imlo talablarini shundoqqina qabul qilganmiz. Tilshunoslik atamalarimiz bari ruschadan tarjima qilingan. Oʻz ona tilimizga mos grammatika yaratish ham olimlarimiz boʻynidagi qarz. Ham bugungi avlod, ham kelajak nasllar oldida oʻtash zarur boʻlgan, kechiktirib boʻlmas qarz bu!”.

Darhaqiqat, adabiy tilimizning yagona, standartlashgan shakli hali nihoyasiga yetmagan. Xalqning jonli tilini ifodalab bera oladigan adabiy tilga ehtiyojimiz yuqori. Bu tilshunosligimiz oldida turgan qator dolzarb muammolardan biridir.

Aslida ona tilimiz biz uchun katta boylik hisoblanadi. Uning sofligi uchun tilshunosmizmi yohud talaba, barchamiz birday masʼulmiz. Ammo har yili til bayrami arafasidagina buni yodga olamiz. Tilimiz boyligi va goʻzalligi haqidagi sheʼr va qoʻshiqlar orqali tilimizga eʼtibor va eʼtirofimizni namoyon etishga intilamiz. Aslida eʼtiborimizni namoyon etishimiz uchun til bayramini kutishimiz shart emas. Kundalik hayotimizda, faoliyatimiz davomida har birimiz buni amalga oshirishimiz mumkin.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?