BMT: Afrikada 300 milliondan ortiq inson toza ichimlik suvidan mahrum

22:30 12 Fevral 2026 Dunyo
320 0

TASS xabar qilishicha, Afrika aholisining qariyb 20 foizi, yaʼni 300 milliondan ortiq kishi toza va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega emas. Bu haqda BMT Bosh kotibining oʻrinbosari hamda BMTning Afrika boʻyicha Iqtisodiy komissiyasi ijroiya kotibi Klaver Gatete maʼlum qilgan.

U Addis-Abeba shahrida boʻlib oʻtgan Afrika Ittifoqi Ijroiya kengashining 48-sessiyasi ochilishida soʻzga chiqib, suv va sanitariya xizmatlari oddiy ijtimoiy xizmat emas, balki iqtisodiy infratuzilmaning ajralmas qismi ekanini taʼkidlagan.

Gatetening aytishicha, Afrika boʻylab hali ham 300 milliondan ortiq kishi xavfsiz ichimlik suviga, taxminan 780 million kishi esa munosib sanitariya sharoitlariga ega emas. Xolera, ich ketishi va qorin tifi kabi suv bilan bogʻliq kasalliklar qitʼa boʻylab insonlar hayotiga zomin boʻlishda davom etmoqda.

Uning maʼlum qilishicha, Afrika mintaqasida har soatda oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklar sabab taxminan 115 nafar inson vafot etmoqda. Bu holatning iqtisodiy oqibatlari ham juda salmoqli.

Suv taʼminoti va sanitariya tizimlarining yetarli emasligi mehnat unumdorligini pasaytiradi, sogʻliqni saqlash xarajatlarini oshiradi hamda investitsiyalarni jalb etishga toʻsqinlik qiladi. Zavod va fabrikalarga barqaror suv taʼminoti zarur, qishloq xoʻjaligi korxonalariga sugʻorish tizimi kerak, shaharlar samarali faoliyat yuritishi uchun esa kanalizatsiya tizimlari muhim ahamiyatga ega.

Gatete taʼkidlaganidek, ishonchli suv taʼminoti tizimisiz sanoat hududlari raqobatbardoshligini saqlab qola olmaydi, logistika markazlari samarali ravishda kengaymaydi, shahar iqtisodiyoti esa barqaror rivojlana olmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер