Senatda YXHTning maxsus vakili bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

20:23 12 Fevral 2026 Siyosat
96 0

Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva YXHTning odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili va koordinatori Keri Djonston boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot chogʻida odam savdosining oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va munosib mehnat tamoyillarini taʼminlash sohasida YXHT bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlik amaliy natijalar berayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash va himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotgani bildirildi.

Keri Djonston Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish yoʻnalishida olib borilayotgan tizimli islohotlar va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ijobiy baholadi. U milliy mexanizmlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish, jabrlanuvchilarga yoʻnaltirilgan yondashuvni kuchaytirish va profilaktika ishlarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Raqamli platformalar orqali sodir etilayotgan yollash va aldash holatlariga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbat davomida Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan odam savdosiga qarshi kurashishda texnologiyalardan foydalanishga bagʻishlangan xalqaro treningning ahamiyati, unda koʻtarilgan dolzarb masalalar va ilgari surilgan tashabbuslarni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyaning kelgusi reja va dasturlariga joriy etish muhimligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?