Tibbiyotni raqamlashtirish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash masalalari muhokama etildi

13:12 22 Fevral 2023 Jamiyat
1077 0

Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarning bugungi holati hamda sohadagi boshqa muhim vazifalar ijrosiga bagʻishlangan tanqidiy-tahliliy yigʻilish oʻtkazdi.

Videoselektor shaklidagi ushbu majlisda vazirlik markaziy apparati masʼul xodimlari, tuzilma rahbarlari, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari bosh shifokorlari ishtirok etdi.

Kun tartibidagi dastlabki masala kadrlar siyosati va ijro intizomiga doir boʻldi.

Qayd etilganidek, zamonaviy tibbiyotni axborot texnologiyalarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan sohani raqamlashtirish, davolash-profilaktika muassasalari faoliyatiga elektron tizimlarni keng joriy etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bu orqali aholiga tez va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, sohani yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsad qilingan.

Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 23-fevraldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan vazirlik muassisligida “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, u “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etishga masʼul etib belgilangan edi.

Biroq oʻtgan davr mobaynida bu yoʻnalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil qilinmadi. Tibbiyot muassasalari faoliyatiga axborot texnologiyalari talab darajasida tatbiq etilmadi. Oqibatda esa davlatimiz rahbari tomonidan tizim faoliyatiga doir qoʻyilgan bir qator muhim vazifalar ijrosi taʼminlanmadi.

Yigʻilishda vazir ushbu masalalarga toʻxtalar ekan, muammolarning ildizi “IT-Med”ga yetakchilik qilib kelgan rahbar kadrda bugungi zamon talablariga mos bilim va salohiyat, tashabbuskorlik, masʼuliyat, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashuv yetishmasligini taʼkidlab, ushbu tuzilma faoliyatini jiddiy tanqid ostiga oldi.

Shundan kelib chiqib, oʻz ishida qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun muassasa rahbari Artur Hakimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, yigʻilishda vazir aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan taʼminlash masalasiga ham alohida toʻxtalib, bu yoʻnalishdagi ogʻriqli muammolar haqida oʻta tanqidiy fikrlar bildirib oʻtdi.

Yakunda ushbu sohaga masʼul boʻlgan vazirlik qoshidagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” davlat unitar korxonasiga yangi rahbar tayinlandi.

Uning zimmasiga ushbu yoʻnalishda shaffof tizimni yaratish, sohaga xalqaro standartlar, yuqori texnologiyali laboratoriyalarni joriy qilib, mamlakatda farmatsiya sohasini yangi bosqichga olib chiqish, markazda faoliyat koʻrsatuvchi kadrlar malakasini jahon talablari darajasida oshirib borish hamda oʻz ishiga halol hamda vijdonan yondashadigan bilimli va mahoratli mutaxassislardan iborat jamoani shakllantirish kabi muhim vazifalar yuklatildi.

Yigʻilishda, shuningdek vazirlikning Sogʻliqni saqlash tizimi infratuzilmasini rivojlantirish, ularni ekspluatatsiya qilish va transport hisobini yuritish boshqarmasi hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmasiga yangi boshliqlar tayinlandi. Ularga qisqa muddatda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni butunlay yangicha tizim asosida yoʻlga qoʻyish vazifasi topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер