Tibbiyot yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot va taʼlim maskanlarining yangi binolari ochildi

17:40 17 Noyabr 2023 Jamiyat
145 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida tashkil etilgan mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar va soha vakillari ishtirok etdi.

— Mazkur ilmiy-tadqiqot institutida parazitar kasalliklarni erta tashxislashning zamonaviy va samarali usullarini yaratish, davolash mexanizmlarini takomillashtirish va molekulyar darajada tahlil qilish orqali genotiplarini aniqlash, transmissiv kasalliklarni tashuvchi hasharotlarning epidemiologiyasini tekshirish, leyshmanioz kasalligini tashuvchi moskitlarni Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha tahlil qilish kabi ilmiy tadqiqotlar olib boriladi, — dedi universitet rektori Jasur Rizayev.

Ushbu ilmiy-tadqiqot institutida toʻrtda boʻlim faoliyat yuritadi. Ularda tibbiy gelmintologiya, tibbiy entomologiya, odam protozoy kasalliklarini oʻrganish hamda molekulyar-biologik tashxislash amaliyotlari bajariladi.

Ilmiy-tadqiqot instituti PSR, IFA va boshqa tibbiy jihozlar bilan toʻliq taʼminlangan boʻlib, unda yigirmaga yaqin yuqori malakali xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Samarqand shahrida “Zarmed” xususiy universitetining yangi binosi ham qurildi.

Ushbu taʼlim maskani davlatimiz rahbarining “Zarmed Pratiksha” koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga tashrifi chogʻida Samarqand shahrida xususiy tibbiyot universiteti va klinikadan iborat tibbiyot klasterini tashkil etish toʻgʻrisidagi topshirigʻi doirasida barpo etildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boʻlajak talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Universitet tashkilotchisi, “Zarmed xolding” rahbari taʼkidlaganidek, taʼlim muassasasi ayni paytda talabalarni qabul qilishga tayyor. Loyiha qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Zamonaviy oʻquv binolari va laboratoriyalar eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan boʻlib, buning uchun 1 million AQSH dollari sarflangan.

Besh qavatli binoda talabalar hamda professor-oʻqituvchilarning barcha ehtiyojlari inobatga olingan. Ularning ixtiyorida oʻquv va badiiy adabiyotlar, jumladan, elektron kutubxona, lingafon laboratoriyalari, interaktiv doskalar bilan jihozlangan aqlli sinfxonalari, oshxona, faollar zallari va boshqalar mavjud.

Taʼlim muassasasi ochilishi bilan 300 nafarga yaqin kishi doimiy ish bilan taʼminlanadi. Birinchi bosqichda 1000 nafar talabani oʻqishga qabul qilish rejalashtirilgan.

Yangi universitetda darslar uch tilda: oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?