“Temir daftar”dan chiqarishning antiqa usuli

10:07 09 Aprel 2021 Jamiyat
5170 0

U yoki bu fuqaro nega “temir daftar”ga kiritiladi? Bundan koʻzlangan asosiy maqsad oilasining daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlash, uni kambagʻallikdan imkon qadar tezroq xalos etish, albatta.

Buxoro shahri 4-sektor hududida bu boradagi ahvol oʻrganilganida maʼlum bir ijobiy ishlar amalga oshirilgani, jumladan, “temir daftar”dagi 1662 ta oilaning 1499 tasi undan chiqarilgani maʼlum boʻldi.

Shu bilan birga koʻplab kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.Ayrim hollarda u yoki bu oila aʼzolari doimiy daromad manbaiga ega boʻlishmasa-da dalolatnomalar rasmiylashtirilib, ular “temir daftar”dan chiqarilgan. Masalan, “Shirbudin” mahalla fuqarolar yigʻini Shirbudin koʻchasi 7-muyulish 1-uy 4-xonada yashovchi Maftunabonu Adizovaning oilasi doimiy daromad manbaiga ega emas. Shu mahallaning “Suvchilar” koʻchasi 24-muyulish 2-uyda istiqomat qiluvchi 3-guruh nogironi Nigora Hamidova hozir hech qayerda ishlamaydi. Ammo ularning har ikkalasi ishchi guruhi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda “temir daftar”dan chiqarilgan. Yoki “Shirbudin” koʻchasi 7-muyulish 4-uyda yashovchi Dilfuza Asadovani olib koʻring. U ayni paytda hamshira boʻlib ishlayapti. Ijarada turadi.Turmushidan ajralgan.Qaramogʻida bir farzandi bor. Iqtisodiy ahvoli nochor. Shunga qaramay ish bilan bandligi vaj qilinib, “temir daftar”dan chiqarilgan.

Shu oʻrinda nochor oila koʻzboʻyamachilik uchun “temir daftar”ga kiritilib chiqariladimi, degan savol tugʻiladi. Axir, ijara uyda yashayotgan kishi 600 ming soʻm miqdoridagi oylik maosh bilan qanday qilib kambagʻallikdan xalos boʻladi?

Yoki boshqa bir misol. “B.Naqshband” koʻchasi 332-uyda yashovchi Muhammadamin Fatxulloxadjayevning onasi vafot etgan, otasi esa ozodlikdan mahrum qilingan. U ayni paytda buvisining qaramogʻida yashab, oliy oʻquv yurtida shartnoma asosida oʻqib kelmoqda. Iqtisodiy jihatdan nochor holatda. Aniqrogʻi, buvisining nafaqasiga kun kechirayapti. Ajablanarlisi shundaki, ushbu oila ham qoʻshimcha daromadga ega boʻlmasa-da “temir daftar”ga kiritilmagan.

«Shayxul olam» mahallasida yashovchi fuqaro P.Artiqovaning turmush sharoitini oʻrganganimizda ham “temir daftar”dan chiqarishning antiqa usuli qoʻllanganiga shohid boʻldik. 1936-yilda tugʻilgan bu fuqaroning boquvchisi yoʻq, oʻzgalar parvarishiga muhtoj. Shunga qaramay, u “temir daftar”dan chiqarilgan.

Bunday misollarni yana bir qator mahallalar misolida keltirish mumkin. Tashvishlanarlisi, mazkur sektor hududida “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga qanday amaliy koʻmak koʻrsatilgani yuzasidan monitoring ishlari oʻtkazilganida ham qator kamchiliklar koʻzga tashlandi.

Oʻrganish yakuniga koʻra, aniqlangan holatlar boʻyicha oilalarni “temir daftar”ga kiritish masalasini koʻrib chiqish yuzasidan Xalq deputatlari Buxoro shahar kengashiga hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida shahar 4-sektor rahbari, DSI boshligʻi nomiga taqdimnomalar kiritildi.

Ravshan RAJABOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro shahridagi
Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?