TDPUda Pedagogika taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan seminar boʻlib oʻtdi
Mamlakatimizda pedagogik taʼlim infratuzilmani yaxshilash, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, tarbiya va oʻqitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega, pedagogik kasbga qiziqishi yuqori boʻlgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlab va tarbiyalab borishning uzluksiz tizimini joriy qilish kabi yirik ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni bajarishga ustuvorlik berilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni taʼlim sohasidagi islohotlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Bu hujjat yurtimizda oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning shu yil 11-maydagi “2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni, “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori hamda joriy yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ana shunday saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida mavjud huquqiy asosni mustahkamladi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Yana bir muhim jihati shundaki, taʼlimga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning barchasi soha taraqqiyotini hamda uning huquqiy jihatdan mustahkam asosga egaligini kafolatlamoqda.
“2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmon bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagogika yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda yetakchi oliy taʼlim muassasasi etib belgilab qoʻyildi.
2022-yil 28-oktyabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida pedagogika yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlarni ishlab chiqishda yetakchi oliy taʼlim muassasasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda uning huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi bilan hamkorlikda respublikamizda pedagogika yoʻnalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari oʻquv ishlari boʻyicha prorektorlari, oʻquv uslubiy boʻlim (boshqarma) boshliqlari va sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida seminar oʻtkazildi.
Seminar ishi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Qirgʻizboyev Abdugʻaffor Karimjonovichning kirish soʻzi bilan boshlandi. U oʻz soʻzida xalq taʼlimi sohasidagi pedagog kadrlar tayyorlashdagi qilinayotgan islohotlar, oʻqitish sifati va mazmunini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash borasidagi masalalarga toʻxtaldi. Bu boradagi hamkorlikda qilinishi lozim boʻlgan vazifalar xususida, shuningdek tayanch oliy taʼlim muassasasi sifatida Toshkent davlat pedagogika universiteti oldida turgan vazifalarni bayon qildi.
Shundan soʻng universitetning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori X.Kadirov, taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi D.Ergashevlarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-289-sonli Qarorida belgilangan vazifalarning universitetdagi ijrosini taʼminlash borasida qilingan ishlar, Kimyo va uni oʻqitish metodikasi kafedrasi mudiri R.Berdiqulovning pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 2-4 bosqich talabalari uchun oʻquv mashgʻulotlari “4+2” tartibida (darslarning 4 kuni oliy taʼlim muassasasida, 2 kuni maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amaliyot tarzida) tashkil etilishi haqida,oʻquv uslubiy boshqarma boshligʻi oʻrinbosari I.Raximovning talabalar oʻqishini koʻchirish va talaba almashinuvini yoʻlga qoʻyishda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar xususidagi muhokamali maʼruzalari tinglandi.
Shuningdek, seminar ishida yangi tashkil etilgan pedagogika institutlarida taʼlim jarayonini kredit-modul tizimi asosida tashkil etilganlik holatlari boʻyicha uchrayotgan qiyinchiliklar va muammolar yechimlari boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.
Tashkil qilingan seminarda yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash, ilgʻor va xorijiy tajribalar asosida zamonaviy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, umuman pedagogika sohasidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf qilish yuzasidan fikrlar almashinildi, tavsiyalar va takliflar bildirildi, tegishli xulosalar qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring