Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri Jizzax viloyatidagi qator obyektlar faoliyati bilan tanishdi

16:18 20 Noyabr 2023 Jamiyat
110 0

Yurtimizda boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston-Tatariston sogʻliqni saqlash kunlari doirasida bugun Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri Marsel Minullin boshchiligidagi delegatsiya Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Martabali mehmon dastlab Jizzax shahrida tashkil etilgan Qozon federal universiteti filiali faoliyati bilan tanishdi.

Taʼkidlash joizki, 2021-yil davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan tashkil etilgan mazkur oliy taʼlim muassasasida ayni paytda 650 nafardan ortiq talaba 11 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tahsil oladi. Universitetda tibbiyot boʻyicha ham 4 ta — davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya va tibbiyot biokimyosi yoʻnalishlari mavjud.

Filialdagi 21 ta oʻquv auditoriyalari, 134 ta oʻquv laboratoriya, xususan, “BIG DATA” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, simulyatsion va imitatsion markaz talabalarning oʻzlari tanlagan sohalari boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlariga xizmat qiladi.

Birgina simulyatsion va imitatsion markazda boʻlajak tibbiyot xodimlari uchun endoskopiya, virtual-intensiv terapiya, virtual operatsiya, UTT, travmatologiya, reanimatsiya va umumiy parvarish xonalari tashkil etilgan.

Marsel Minnulin ushbu oliygohda yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdi, talabalar bilan suhbatlashdi. Qolaversa, vazir yoshlarning shijoati, ilm olishga boʻlgan intilishidan mamnunligini bildirib, kelgusi oʻqishlarida omad tiladi.

Shundan soʻng, Tatariston delegatsiyasi vakillarini viloyat hokimi Ergash Saliyev qabul qildi.

Uchrashuvda viloyat tibbiyot muassasalari hamda Tataristonning nufuzli klinika va tibbiyot oliygohlari oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, sogʻliqni saqlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mehmonlarni hokimlik hududida yoshlar uchun tashkil etilgan IT park faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Soʻngra qardosh mamlakatdan kelgan delegatsiya viloyat hokimi hamrohligida Jizzax shahrida joylashgan Prezident maktabiga tashrif buyurdi.

Bu yerda iqtidorli oʻgʻil-qizlarning taʼlim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Xususan, 2021-yilda ochilgan ushbu taʼlim dargohida boy kitob fondiga ega kutubxona, robototexnika, modellashtirish, kreativ ijod toʻgaraklari, fizika, kimyo, biologiya kabi fanlarni chuqur oʻzlashtirish imkonini beradigan laboratoriya xonalari mavjud.

Maktabdagi oʻquv-tarbiya jarayonlari xalqaro Cambridge Assessment International Education va mahalliy taʼlim tizimi integratsiyalashgan holda tashkil etilgan.

Bundan tashqari, bu yerda qator xorijlik malakali oʻqituvchilar yoshlarga taʼlim beradi.

Navbatdagi manzil Jizzax viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining yangi qurilayotgan binosi boʻldi.  

Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri 270 oʻringa moʻljallangan markazning qabul va operatsion boʻlimlari loyihalarini koʻzdan kechirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?