Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektorda farzandlarimizga milliy qadriyatlarimiz ruhida taʼlim-tarbiya berish, maʼnaviyatli, maʼrifatli qilib oʻstirish, ularni turli yot gʻoyalar tahdididan himoya qilish, kelajakka intilib yashashga oʻrgatish va bunda ota-onalar masʼuliyatini oshirish muhimligiga eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir”, – dedi davlatimiz rahbari. Shu maʼnoda, tana hech qachon jon va ruhsiz bir butun boʻlolmaganidek, maʼnaviyatsiz, taʼlim-tarbiyasiz ham iqtisodiy rivojlanishga erishib boʻlmaydi. Mustaqil teran fikrga ega, oʻtmishga yuksak eʼtiqodi bor millatgina ezgulik, taraqqiyot yoʻlida gʻoyalari mushtarak holda rivojlana oladi. Maʼnaviy birlashuvi bilan yuksalgan xalqni esa hech qanday yot gʻoya oʻz domiga torta olmaydi, yoʻlidan ogʻdirolmaydi.
Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi Oʻzbekistonni yangicha tamoyillar bilan barpo etish yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Lekin “...yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi, ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat», – deydi Prezidentimiz.
Haqiqatan ham, oʻtmishni bilmasdan, oʻzlikni anglamasdan va uni hurmat qilmasdan turib kelajakka intilib boʻlmaydi. Buning uchun eng avvalo oilaviy qarashlarni oʻzgartirishimiz lozim. Bugun ming afsuski, ayrim ota-onalar “mening bolam gʻarbcha tarbiya olgan, gʻarbcha fikrlaydi” deb kerilib qoʻyishadi. Aslida biz gʻarbcha fikrlaydigan emas, milliy qadriyatlarimizga mos keladigan rivojlangan mamlakatlar tajribasi, taraqqiyotini hayotga tatbiq eta oladigan, milliy manfaatlarni ustun qoʻyadigan, dunyoviy bilimlarga ega farzandlarimiz bilan faxrlanishimiz kerak.
Tarbiyada tanaffus boʻlmasligi kerak. Oila, bogʻcha, maktab, oliy taʼlimda bu jarayon bir-birini toʻldirgan holda, uygʻunlikda davom etishi lozim. Ana oʻshanda kuchli maʼnaviyatga ega, dunyoqarashi keng, bilimli avlodni tarbiyalay olamiz. Albatta, farzandlar tarbiyasida jamiyat, mahalla yoki maktab emas, eng avvalo ota-ona masʼul. Yaʼni, har bir ota-ona oʻz farzandi uchun javobgar boʻlishi, masʼuliyatni his qilishi maqsadga muvofiq.
Nima boʻlganda ham tarbiya jamiyat, millat koʻzgusi. Bu koʻzguning darz ketishiga yoʻl qoʻymasligimiz, buning uchun birgalikda harakat qilishimiz zarur. Shundagina bu borada boshlagan barcha ishlarimiz amaliy natija berib, maqsadga erishamiz,
Umida RAHMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi
- Qoraqalpogʻistondagi ikkita oliy taʼlim muassasasi oʻz faoliyatini tugatadi, ammo…
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring