Taraqqiyotning muhim mezoni

09:35 10 Aprel 2023 Jamiyat
446 0

Mamlakatimizda soʻngi yillarda taʼlim tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, yoshlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va maʼnaviy jihatdan yetuk insonlar boʻlib kamolga yetishlarini taʼminlash, ularning qobiliyat va isteʼdodi, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning qalbida ona-yurtimizga sadoqat va fidoyilik tuygʻularini kamol toptirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Taʼlim sifatini oshirish — yetuk mutaxassislar tayyorlash demakdir” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Anjumanda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda boshqa oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumandan asosiy koʻzlangan maqsad – oliy taʼlimda yoshlarga sifatli taʼlim berish va ularga yetarli shart-sharoitlar yaratish masalalari, berilgan taʼlim sifatini oshirishda mavjud muammolar va ularning zamonaviy yechimlarini muhokama qilish, oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi, uning ijobiy natijalari hamda taʼlim sifatini oshirish uchun hamkorlikdagi istiqbolli rejalar va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Anjumanni Akademiya boshligʻining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi, podpolkovnik Furqat Nazarov ochib, yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida farzandlarimizning zamonaviy bilim va koʻnikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish izchil davom ettirilayotganini eʼtirof etdi.

Shuningdek, yangi Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirishda mavjud muammolar va ularning zamonaviy yechimlari boʻyicha, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Uchinchi Renessansni yaratish, bu jarayonda sohani tubdan isloh qilish boʻyicha yangi tizim shakllangani, taʼlim sohasida jahon taʼlim standartlariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash uchun oliy taʼlim muassasalarining taʼlim sifatini oshirish va innovatsion rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Anjumanda soʻzga chiqqanlar tomonidan, yangi Oʻzbekistonda taʼlim jarayonini sifat jihatdan mukammallashtirish ishlari tizimli amalga oshirilayotgani, taʼlim jarayoniga respublika oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʻtkazilganligi, bundan tashqari oliy taʼlim muassasalarining asosiy faoliyatlarini avtomatlashtirish hisobiga maʼmuriy xodimlar, professor-oʻqituvchilar va talabalarga elektron taʼlim xizmatlarini taqdim etish maqsadida, “Hemis” axborot tizimi joriy etilganini alohida taʼkidlandi.

Shu bilan birga, mazkur axborot tizimi oliy taʼlim muassasalari bilan oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oʻrtasida axborot koʻprigi vazifasini oʻtab, boshqaruv tizimini raqamlashtirishga xizmat qilayotgani hamda oliy taʼlim muassasalarining shaffoflik indekslari shakllantirilayotgani xususida ham atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Anjuman yakunida maʼruzachilar tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.

Farhodjon XOʻJAYEV,

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?