Taniqli shoir va dramaturg Haydar Muhammad vafot etdi

11:56 09 Oktyabr 2022 Jamiyat
1354 0

Foto: Illustrativ foto

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoir va dramaturg, “Doʻstlik” ordeni sohibi Haydar Muhammad vafot etdi. “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Haydar Muhammad 1936-yili Toshkentda tavallud topgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining kechki filologiya boʻlimini tugatgan (1966). Oʻzbekiston teleradiosida muharrir (1965-1976), Madaniyat ishlari vazirligida masʼul vazifalarni (1976-1980) bajargan. Koʻp yillar Hamza nomli Akademik drama teatrida adabiy emakdosh vazifasida xizmat qilgan.

Uning birinchi sheʼriy toʻplami “Koʻnglim mening” nomi bilan 1975-yilda nashr boʻlgan. Shundan soʻng “Olchamning tugʻilgan kuni” (1978), “Yoʻllaringga mushtoqman” (1979), “Ipak gilamlar” (1990), “Hazilkash shoh” (Saylanma, 1994) kabi sheʼriy va dramatik asarlari, toʻplamlari chop etilgan.

Haydar Muhammad musiqa janrining juda koʻp turlari uchun sheʼrlar yozgan, “Shoir ovozi” dostoni (Sayfi Jalil musiqasi), “Yoshligim” syuitasi (D. Zokirov), “Mening oppoq qoʻshigʻim” kabi turkumlari (Bahrillo Lutfullayev musiqasi) shular jumlasidandir. Uning “Toshkentning nozanin malikasi” (Manas Leviyev musiqasi), “Koʻngil – chinni piyola” (1987, Komil Kenjayev musiqasi), “Kuyovlar konkursi” (1991, R. Azizxoʻjayev bilan T. Hasanov musiqasi), «Har kimki vafo qilsa…” (1994, Bobur haqida. A. Ismoilov, S. Hayitboyev musiqasi) kabi musiqali drama va komediyalari tomoshabinlarga manzur boʻlgan.

Haydar Muhammadning qator latifa, intermediya, hajviy hikoyalari “Mushtum” jurnali va gazetalarida chop etilib, “Tabassum” radiostudiyasi hamda televizion miniatyuralar teatrida foydalanib kelinadi.

Respublikamiz xalq teatrlari adibning “Ipak gilamlar”, “Navoiy bir kuni”, “Ulugʻbek sharofati”, “Beruniyning baxt eshigi”, “Sevgi jazavasi”, “Sobir Rahimov va xoin”, “Chiroyli ayolning iltimosi” kabi asarlarini ham sahnalashtirgan.

Haydar Muhammad tarjimasida ozarbayjon dramaturgi Anorning “Zanjir yoki qiyofalar” (Muqimiy teatri), turkman dramaturgi H. Muxtorning “Nevarali kelin” (Samarqanddagi H. Olimjon nomli teatr), boshqird dramaturgi Farid Bogdanovning “Tungi mehmon” (Hamza nomli oʻzbek Davlat akademik drama teatri) kabi asarlari oʻzbek sahnasiga chiqqan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?