Taʼmirlangan yoʻllar qancha muddat xizmat qilishi kerak? — “Hukumat soati”da ushbu savolga qanday javob berildi?

23:45 06 Aprel 2021 Siyosat
1261 0

2021-yil 6-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda deputatlar “Mamlakatimizda umumiy foydalanishdagi va xalqaro toifadagi avtomobil yoʻllarining bugungi kundagi holati hamda zamonaviy avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish va qurish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qildilar. Xalq vakillarining bu boʻyicha savollariga Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov javob berdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda bugungi kunda umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari uzunligi 42 869 km.ni tashkil etib, shundan 3 993 km. xalqaro, 14 203 km. davlat, 24 673 km. mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari hisoblanadi.

Transport vaziri xalqaro avtomobil yoʻllarining ahamiyati va bugungi kundagi holati, amalga oshirilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari, moliyaviy manbalari, shuningdek, rejalar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarini zamonaviy talablarga moslashtirish va texnik parametrlarni oshirish borasida bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, hozirgi kunda va kelgusidagi amalga oshiriladigan loyihalarda sementobeton qoplamali yoʻllar qurishni, avtomobillar qayrilib olish joylarini yer ustidan yoki yer ostidan oʻtkazishni, yoʻl va koʻpriklar hamda transport yechimlarini mukammal loyihalash hisobiga xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarda harakatlanishda xavfsizlikni va qulaylikni oshirishga eʼtibor qaratilmoqda.

“Hukumat soatida”da vazir pullik avtomobil yoʻllari qurilishi haqida ham maʼlumotlar berdi. Xususan, “Toshkent — Andijon” va “Toshkent — Samarqand” pullik avtomobil yoʻlini qurish loyihasi va bu borda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalariga toʻxtaldi.

Qayd etilishicha, 2020-yilda jami 5,2 trln.soʻm miqdorida avtomobil yoʻllarini qayta qurish, taʼmirlash va saqlash ishlari bajarilib, 6 442,6 km.avtomobil yoʻllari qayta qurilgan va taʼmirlangan. Kapital taʼmirlash dasturi doirasida 352,7 mlrd.soʻm miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilib, 114,2 km. avtomobil yoʻli va 3 dona 121,7 p/m koʻpriklar (36 ta obyekt) kapital taʼmirlangan. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlash va saqlash boʻyicha 1,8 trln.soʻm mablagʻlar oʻzlashtirilib, 2 308 km. avtomobil yoʻli joriy taʼmirlangan. Ichki xoʻjalik yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha 394,7 mlrd.soʻm miqdorida ishlar bajarilib, 1 529,2 km. ichki yoʻllarda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarilib, foydalanishga topshirilgan. Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2 026 km. yoʻllar taʼmirlangan.

Deputatlar yoʻl-qurilishi boʻyicha saylovchilar tomonidan koʻplab masalalar koʻtarilayotganini qayd etib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdilar.

Xususan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida doimiy taʼmirlash ishlari olib borilayotgani, oʻtgan yili 6 442,6 km. yoʻllar qayta qurilgani va taʼmirlangani, biroq, negadir zamonaviy talablarga javob beradigan, ravon, keng va yorugʻ yoʻllarga erisha olmayotganligimiz boʻyicha izoh soʻraldi.

Deputatlarning taʼmirlangan yoʻllarning bir yil oʻtmay yana taʼmirtalab holatga kelib qolishiga nima sabab boʻlayotgani, bunda yoʻl qurilishi korxonalarining masʼuliyati qay darajada ekani, oʻzi taʼmirlangan yoʻl qancha muddat xizmat qilishi kerakligi mazmunidagi savollariga vazir javob berdi.

Shuningdek, xalq vakillari tomonidan umumiy foydalanishdagi, xususan, xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllarini (M39, M37, M34, A380, A379, A378) zamonaviy standartlarga moslashtirish, jumladan, kengligi, yuk koʻtarish qobiliyati, ravonligi va yorugʻligini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan tizimli ishlar va rejalar yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berish soʻraldi.

Transport vaziri deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar hamda savollar boʻyicha alohida toʻxtalib, sohada olib borilayotgan islohotlar va kelgusidagi rejalar, yirik loyihalar boʻyicha axborot berdi.

Oʻz navbatida, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi vazir javobidan qoniqmaganligini, koʻplab savollar ochiq qolganligini, bu masala doimiy nazoratda boʻlishini qatʼiy bildirdi.

Qizgʻin bahs-munozaralarga boy kechgan “Hukumat soati”da ushbu yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini kengaytirish, bu borada samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер