Tadbirkorning tovar brendidan noqonuniy foydalanib mahsulot ishlab chiqarganlarga javobgarlik kuchaytirilyapti

13:00 01 Avgust 2023 Jamiyat
277 0

Joriy yilning 24-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi muhokama etildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni hamda iqtisodiyotda sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, isteʼmolchilar va intellektual mulk huquqini himoya qilish, aholi sogʻligʻini saqlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan inson hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarish va sotganlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, loyihada etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik yoki muomalaga kiritganlik toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida tadbirkorning tovar brendidan noqonuniy foydalanib mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, sanitariya va veterinariya qonunchiligini buzish kabi maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jazolarni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Yigʻilishda fraksiya aʼzolari muhokama etilgan qonun loyihasi partiyaning dasturiy maqsad va vazifalariga hamohang ekanligini hamda partiya elektorati manfaatlariga toʻla mos kelishini taʼkidlab, uni maʼqulladilar.

Shuningdek, yigʻilish kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?