Tadbirkorlar uchun yana qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ushbu hujjat bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksni 2157 hamda 24510-moddalar bilan toʻldirish taklif etilmoqda. Xususan, 2157-moddada davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilanyapti.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik sifatida ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni eʼlon qilish tartibiga rioya etmaslik, maʼlumotlarni buzib koʻrsatish yoki ularni ochiq maʼlumotlar portaliga hamda rasmiy veb-saytlarga joylashtirishning belgilangan muddatlariga amal qilmaslik holatlari nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasining 24510-moddasida mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish va sudga taqdim etish vakolatiga egaligi koʻrsatib oʻtilmoqda.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasining qabul qilinishi bilan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining ochiqlik borasida belgilangan majburiyatlarni bajarishdagi masʼuliyati yanada oshirilishiga erishilishini eʼtiborga olib, uni qoʻllab-quvvatladilar.
Yigʻilishda “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida qoʻmita tomonidan 9 marotaba ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilib, ularda loyihani takomiliga yetkazish boʻyicha olimlar, ekspertlar va 30 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻplab taklif va tavsiyalar berildi.
Kelib tushgan takliflar asosida qonun loyihasiga bir qator oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, loyiha “Vazirlar Mahkamasi vakolatlari” nomlangan yangi modda bilan toʻldirildi. 9, 10 va 11-moddalarga pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish, pochta aloqasi sirini taʼminlash masalalariga tegishli aniqlashtiruvchi normalar kiritildi.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Oʻzbekistonda 2021-2023-yillarda pochta aloqasi sohasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni hamda ratifikatsiya qilingan 4 xalqaro shartnomalar doirasida pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirishga, eng muhimi, tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Qizgʻin muhokamalar, savol-javob va bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi maʼqullandi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring