Suvchilar qishda ham tinim bilmaydi
Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Qish fasli — suvchilar uchun ish fasli, degan purmaʼno iborani faxriy suvchilarimizdan koʻp eshitamiz. Aytishlaricha, qish oylarida yumushlar reja bilan sifatli bajarilsagina, sugʻorish mavsumi ortiqcha muammolarsiz oʻtadi, belgilangan hududlarga suvni kafolatli yetkazish imkonini beradi.
Xoʻsh, shu nuqtayi nazardan ayni kunlarda suvchilar qanday ishlarni bajarishmoqda? Biz tumanlarda boʻlib, kanallarni tozalash va gidrotexnik inshootlarni taʼmirlash va qurish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdik.
Qoraoʻzak tumanidagi “Yesimozek” kanaliga 8 ta, Chimboy tumanidagi “Toʻrt sagʻa” kanaliga 5 ta, Kegeyli tumanidagi “Jiloʻan jap” kanaliga 3 ta ekskavator jalb qilinib, qazib tozalash ishlari jadal olib borilmoqda.
— Kuz-qish mavsumida muassasamiz hisobidagi xoʻjaliklararo kanallarining 17,7 kilometr qismini qazib-tozalash rejalashtirilgan, —deydi Shoʻmanay tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Berdax Xojanazarov. — Bugungi kunga qadar “Toshkent jap” xoʻjaliklararo kanalining 3,5 kilometr qismi va “Nuray jap” xoʻjaliklararo kanalining 8 kilometrdan ortiq qismi qazib-tozalanib, bu ishlar davom etmoqda. Shuningdek, joriy yil boshidan 70 kilometrdan ziyod ichki sugʻorish tarmoqlari mexanizm yordamida tozalandi.
Tumanimiz magistral kanallardan olisda va aholi punktlarining tarqoq joylashuvi jihatidan sugʻorish mavsumida suv yetkazish mushkul boʻlgan hudud sanaladi. Kanalning oxirida joylashgan hududlarga suv yetkazishda gidrotexnik inshootlarning xizmati katta albatta. Biz, kuz-qish mavsumi oldida gidroinshootlarning holatini oʻrganib, xatlovdan oʻtkazib chiqdik. Shunda xoʻjaliklararo va ichki sugʻorish tarmoqlaridagi 40 dan ortiq gidrotexnik inshootlar deyarli foydalanishdan chiqqani maʼlum boʻldi.
Mazkur inshootlarning barchasiga mablagʻ ajratishning imkoni yoʻq. Lekin bu ishlarni ayni sugʻorish mavsumidan oldin bajarish zaruratidan kelib chiqib, rivojlantirish jamgʻarmasi va yordamchi xoʻjaligimizdan shakllantirilgan mablagʻlar hisobidan inshootlarga ishlatiladigan materiallarni xarid qildik. Maʼmuriy binomiz qoshida tashkil etilgan ustaxonada 4 nafar usta chilangar qurilmalarni tayyor holga keltirmoqda. Bir guruh ishchi-xodimlarimiz qurilmalar oʻrnatiladigan suv olish nuqtalariga beton quyish va boshqa ishlarni olib borishmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, qishda ham tinim bilmaydigan suvchilar sugʻorish mavsumiga yetarlicha taraddud koʻrishmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring