Suv tanqisligi: muammo va yechim
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Suv – tiriklik manbai. Atrof-muhit, iqlim oʻzgarishlariga ham beqiyos taʼsir koʻrsatadi. Hozirgi kunda yurtimizda aholining suvga boʻlgan talab va ehtiyojlari tobora ortib bormoqda.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, Urgut tumanidagi mavjud 534 ming aholining 400 mingi bugungi kunda markazlashgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Oqova suv xizmatidan 11,1 foiz, yaʼni, 15 mingdan ortiq aholi xonadonida foydalaniladi. Ichimlik suvi tarmogʻining 84 kilometri, 88 ta suv inshootlari, 90 ta suv quduqlari hozirda eskirib, taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan. 102 ta mahallaning 22 tasi markazlashgan, 77 tasi qisman ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Chekka va togʻ hududlarda joylashgan 10 ta mahalla ahli muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanib kelmoqda.
Shularni inobatga olib, tuman hududida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massividagi uy-joylarning ichimlik suv taʼminoti va oqova xizmati boʻyicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur massivda 2 mingga yaqin xonadon joylashgan boʻlib, ularning barchasi ichimlik suv va oqova xizmatiga ulangan.
Jumladan, Bahrin mahallasida 50 milliard soʻm sarflanib, oqova suv tozalash inshooti bunyod etilmoqda. “Ishonch injiniring” MCHJ quruvchilari tomonidan barpo etilayotgan mazkur inshootning qurilishi 2023-yilda boshlangan boʻlib, hozirda beton quyish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
— Hududi 3,4 gektar maydon boʻlgan inshootimiz bir vaqtning oʻzida 10 ming kub oqova suvni qabul qilib qayta ishlashga moʻljallangan, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Abduhalim Ochilov. — Zamonaviy qurilmalar oʻrnatilgan inshoot oqova suvni 4 bosqichda tozalab beradi. Ishlanmalar qishloq xoʻjaligi dalalariga oʻgʻitlash va sugʻorish uchun joʻnatiladi. Shuningdek, biobakteriyalarni oʻstirish uchun yangi laboratoriya binosi ham qurildi.
Ushbu inshoot ishga tushirilsa, “Yangi Oʻzbekiston” massividan tashqari, “Urgut” erkin iqtisodiy zonadagi korxonalar va tuman markazi aholisiga ham xizmat koʻrsatadi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida Mergancha mahallasidagi koʻp qavatli uylarni ichimlik suv bilan taʼminlovchi yangi suv inshooti soatiga 3 ming/kub suvni olib, maktab, bogʻcha va aholi xonadonlariga yetkazib beradi.
Inshootda Germaniyada ishlab chiqarilgan 2 ta 25 kVT, 2 ta 76 kVT quvvatdagi kuchli uskunalar oʻrnatilgan. Ular yordamida har biri 250 metrdan iborat boʻlgan 5 ta quduqdan suv tortib olinadi.
Koʻp xonadonlarning egalari hali koʻchib kelmaganligi sababli markaziy tarmoqqa ulanmagan. Joriy yilda yana 9 ta koʻp qavatli uy qurilishi yakunlanib, oʻz egalariga topshirilgach, markazlashgan tarmoq yanada kengayib, uskunalar toʻliq ishga tushiriladi.
Muxtasar aytganda, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar kelgusida tumandagi oʻn minglab aholini toza ichimlik suv va oqova suv xizmati bilan taʼminlashga imkon beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring