Suv taʼminotini yaxshilashga oid loyihalar koʻrib chiqildi

19:06 05 Dekabr 2022 Siyosat
865 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Fargʻona vodiysi viloyatlarida suv taʼminotini yaxshilashga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Qoraqalpogʻistonning agrosanoatdagi ulkan salohiyatini yuzaga chiqarish uchun, avvalo, suv kerak. Hududda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash maqsadida 2015-yildan boshlab Jahon banki ishtirokida 260 million dollarlik loyiha amalga oshirildi. 650 kilometr kanal va 556 ta suv inshooti tiklanib, 5 ming gektardan ziyod yer lazer bilan tekislandi.

Ish samarali tashkil etilgani va koʻp narsalar mahalliylashtirilgani natijasida loyiha qiymatidan 48 million dollar iqtisod qilingan. Shu bois loyihani davom ettirib, qolgan mablagʻni Beruniy, Toʻrtkoʻl va Ellikqalʼa tumanlariga yoʻnaltirish taklif etilmoqda. Buning evaziga yana 216 kilometr kanal va 406 ta gidrotexnik inshootni tiklash mumkin. Natijada hozir nasos bilan sugʻorilayotgan 300 dan ortiq fermer xoʻjaliklari dalasiga suv oʻz oqimi bilan keladi, yiliga 300 million kub suv iqtisod qilinadi.

Davlatimiz rahbari bu taklifni maʼqullab, suv taʼminoti yaxshilanadigan yerlarda yuqori daromadli ekinlar ekish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarining tuprogʻi unumdor. Lekin 235 ta nasos stansiyasi eskirgani sababli 380 ming gektar maydonda suv taʼminoti ogʻirlashgan, shundan 60 ming gektari oborotdan chiqib ketgan. Qolaversa, bu nasos stansiyalarida elektr energiyasi meʼyorga nisbatan 1,5-2 baravar koʻp sarflanmoqda.

Shu bois Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bu viloyatlardagi nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 118 ta nasos stansiyasini yangilash moʻljallangan.

Buning natijasida 30 ming gektar maydon qayta foydalanishga kiritiladi, 57 ming gektar sugʻoriladigan yerning suv taʼminoti yaxshilanadi. 4 ming 375 ta tomorqa suv bilan taʼminlanadi. Yiliga 290 million kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

Energiya va ekspluatatsiya xarajatlari qisqarishi hisobiga bu loyiha 7 yilda oʻzini oqlaydi.

Prezidentimiz loyiha doirasidagi ishlarga mahalliy tadbirkorlarni koʻproq jalb qilish zarurligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?