Surxondaryoda saylov uyushqoqlik bilan davom etmoqda

18:20 09 Iyul 2023 Jamiyat
371 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida surxondaryoliklar ham faol ishtirok etishmoqda. 9-Surxondaryo saylov okrugi hududida 861 saylov uchastkasi tashkil etilgan boʻlib, 1 million 415 ming 767 nafar saylovchi roʻyxatga olingan. Ulardan 43 ming 563 nafari muddati ilgari ovoz berishda qatnashdi.

Termiz shahridagi Yoshlar markazi binosida joylashgan 260-saylov uchastkasida “Shodlik” mahallasida yashaydigan 2 ming 569 nafar saylovchi roʻyxatga olingan. Surxondaryo viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Ulugʻbek Qosimov ham mazkur saylov uchastkasiga birinchilar qatorida kelib oʻz ovozini berdi.

Bu galgi muhim siyosiy tadbirda 8723 nafar surxondaryolik oʻgʻil-qiz ilk bor oʻz xohish-irodalarini ifodalab, munosib nomzodga ovoz berish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

Shoʻrchi tumanidagi 528-saylov uchastkasida “Yakkabogʻ” mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Abdumalik Soatov ham saylovda ovoz berdi. Saylov uchastkasida koʻzi ojiz yurtdoshlarimizning xohish-irodasini ifoda etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Brayl alifbosi”da chop etilgan byulleten bilan taʼminlangan.

— Vatan ona kabi muqaddas va azizdir. Vatan taqdiriga daxldorligimni chuqur his qilgan holda saylovda faollik bilan oʻz ovozimni berdim. — deydi Abdumalik Soatov. — Biz imkoniyati cheklanganlar uchun “Brayl alifbosi”da byulletenlar tayyorlangani, qulay sharoitlar yaratilganidan xursandman.

Vatanimiz kelajagini belgilab beruvchi muhim siyosiy tadbir — muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida surxondaryoliklar faol ishtirok etishmoqda.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?