Surxondaryoda xalqaro savdo markazi ochildi

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston — Afgʻoniston chegarasida barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Afgʻoniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Gʻani Barodar, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Shaxin Mustafayev, Qirgʻiz Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri oʻrinbosari Nazarbek Malayev, Qozogʻiston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri oʻrinbosari Kayrat Toreboyev va boshqalar ishtirok etdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 33-yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan Markaziy Osiyoda hozircha muqobili yoʻq ushbu erkin savdo zonasi bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etildi.
Majmua 36 gektar maydonda qad rostlagan. Qiymati 70 million dollarga teng loyiha Afgʻoniston, Pokiston va boshqa mamlakatlar tadbirkorlariga sanoat, isteʼmol tovarlari savdosi hamda eksportini oshirishda muhim oʻrin tutadi. Mutaxassislar majmuaga yiliga 1,5 million kishi kelishi, uning yillik savdo hajmi 1 milliard 200 million dollarni tashkil etishini taʼkidlamoqda.
Erkin savdo zonasida qator imtiyozlar yaratilgan. Jumladan, barcha chet davlat fuqarolariga Oʻzbekistonga kirish vizasisiz 15 kun markazda boʻlish va chiqish imkoniyati beriladi. Markaz hududiga keluvchi barcha tovarlar bojxona toʻlovlarisiz joylashtiriladi va chiqariladi. Hududda banklar, notariuslar va boshqa davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari tashkil etilgan. Shuningdek, majmuada “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot majmuasi, “Central Asia University” biznes maktabi, yirik savdo markazi, restoran, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega yirik logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari barpo qilingan. Maydoni 50 ming kvadrat-metr boʻlgan mingta savdo doʻkoni, bir yilda 100 ming yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega avtoturargoh qurilgan.
Xalqaro savdo markazi Karachi —Termiz —Toshkent — Qozogʻiston —Rossiya transport koridorining muhim bogʻlovchi qismi hisoblanadi. Ahamiyatlisi, Hind okeani portlariga chiqish imkonini beradi.
Yirik majmuada zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash inshootlari mavjud boʻlib, yuklarni “Yagona darcha” tamoyili asosida tezkor rasmiylashtirish uchun barcha qulaylik yaratilgan.
“Akfa Medline Ayritom” klinikasida 315 nafar malakali shifokor va boshqa tibbiyot mutaxassisi radiologiya, stomatologiya, fizioterapiya boʻlimlari hamda poliklinikada sifatli xizmat koʻrsatadi. “Central Asia University” biznes maktabida tashkil etiladigan oʻquv kurslarida yiliga 500 nafardan ortiq afgʻon tadbirkori savdo va ishlab chiqarish boʻyicha malaka oshirishi mumkin. Barcha tinglovchilar zarur sharoitlarga ega yotoqxona bilan taʼminlanadi.
Yana bir eʼtiborli jihat, savdo markazida loyiha qiymati 4,5 million dollarlik “Imzo” eshikromlarini ishlab chiqarish boshlanish arafasida. Loyiha ishga tushsa 25 kishining bandligi taʼminlanadi, yiliga byudjetga 150 million soʻm mablagʻ tushadi. “TERMEZ GOLD PRODUCTION” zargarlik buyumlari va yarim tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, “CITY-ELECTRIC GROUP” yorugʻlik texnikasi uskunalari ishlab chiqarish korxonalari ham ish boshlaydi.
Savdo zonasi ochilish marosimining ishtirokchilari zamonaviy markaz bilan yaqindan tanishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Boshqaruv sohasida xotin-qizlar ulushi necha foiz ekani ma’lum qilindi
- Prezident Shayxontohur tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida boʻldi
- “Real” braziliyalik yulduzini ashaddiy raqiblaridan biriga sotib yuborishi mumkin
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Kamolon mahallasida boʻlib, aholi bilan suhbatlashdi
- Dollarning soʻmga nisbatan qiymati yangilandi
- Prezident Toshkentdagi gastroturizm koʻchasi bilan tanishdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring