Surxondaryoda yoʻl infratuzulmasi yaxshilanmoqda

15:49 21 Oktyabr 2022 Jamiyat
771 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish va yangi tranzit yoʻlaklarni barpo etish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. Birgina Surxondaryo viloyatida 2016-2021-yillar mobaynida mavjud yoʻl infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika va mahalliy byudjetdan 1 trln. 110 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, jami 2 ming 570 km yoʻllarda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi.

“Obod qishloq” va “obod mahalla” davlat dasturiga binoan viloyatdagi 108 ta mahallaning ichki yoʻllarini taʼmirlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilda 122 km ichki yoʻllarni asfaltlash, 900 kmga yaqin qishloq yoʻllariga qum-shagʻal aralashmasini yotqizish belgilangan boʻlib, hozirga qadar qariyb 90 foiz ishlar yakunlandi. Shu bilan birga viloyat hududida 170 km sement-betonli yoʻl qurilishi jadal olib borilyapti. Buning natijasida chet eldan olib kelinadigan 6 ming tonna bitumni iqtisod qilish va shuning pirovardida 37 mlrd. 200 mln. soʻm mablagʻni tejash imkoni paydo boʻldi.

Surxondaryo viloyati hududidan oʻtuvchi, xalqaro ahamiyatdagi M-39 avtomobil yoʻli ham bosqichma-bosqich yangidan barpo etilmoqda. Hozirda mazkur yoʻlning yana 21 kilometr qismi tubdan rekonstruksiya qilinib, yoʻlning keng va ravon boʻlishi taʼminlanmoqda. Qiymati 40,7 million dollarlik loyihani amalga oshirish uchun Islom taraqqiyot bankidan 35 million, davlat byudjetidan 5,7 million AQSH dollari ajratilgan.

Ayni paytda Sariosiyo tumanining “Sangardak” qishlogʻi orqali Qashqadaryo viloyatiga olib boruvchi 78 km yangi yoʻl qurilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida “Bogʻcha” qishlogʻigacha boʻlgan yoʻllar kengaytirilib, «Navroʻzdara» hududigacha boʻlgan 13 kilometr yoʻlni qayta qurish ishlari davom ettirilyapti. Loyihaning keyingi bosqichida mazkur yoʻl Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumaniga tutashadi.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?