Sunʼiy intellekt: imkoniyatmi yo tahdid?
Bugun dunyoda taraqqiyot misli koʻrilmagan darajada jadal tus oldi. Turli sohalardagi hozirgi yangilanishlarni bir vaqtlar, hatto tasavvur ham qilish mushkul edi. Jumladan, IT sohasidagi bugungi yuksalishlarni ham. Tizimda qoʻlga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar samarasi oʻlaroq “aqlli” robotlar, “yoʻl koʻrsatuvchi” ilovalar, uchuvchisiz uchadigan qurilmalar, murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazuvchi moslamalar, yuzni tanuvchi dasturlar hayot tarzimizga shiddat bilan kirib kelmoqda. Bu texnologiyalarning asosida sunʼiy intellekt yotgani hech kimga sir emas.
Ayni paytda “Sunʼiy intellektni takomillashtirishning chegarasi bormi? U insoniyatga yana qanday imkoniyatlarni tuhfa etadi? Neyron tarmoq oxir-oqibat insoniyat ustidan hukmronlik qilmaydimi?» kabi savollar koʻpchilikni qiziqtiradi. Ularga mutaxassislar muayyan javoblarni bermoqda. Biroq yakdil xulosalarga kelingani yoʻq, bahs-munozaralar davom etmoqda.
Ushbu masala yuzasidan AQSHdagi vatandoshimiz, “Amazon” kompaniyasi dasturiy taʼminot muhandisi Behzod MAMADIYEV oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Axborot texnologiyalari fanida “Tyuring testi” degan atama bor. U britaniyalik mashhur olim Alan Tyuring tomonidan XX asr oʻrtalarida ishlab chiqilgan. Ushbu test orqali mashina yoki kompyuterning intellekti inson ongiga qanchalik tenglashgani imtihon qilinadi, — deydi Behzod Mamadiyev. — Agar kompyuter yoki sunʼiy intellektning javoblari, oʻzini tutishi insondan farqlash mumkin boʻlmagan darajaga yetsa, u “Tyuring testi”dan oʻtgan hisoblanadi.
Shu paytgacha hech bir axborot mashinasi mazkur sinovdan oʻta olmagan. Sunʼiy intellektga oid tadqiqotlar boshlanganiga yarim asrdan oshdi. Kunlar kelib kompyuterning odamdek soʻzlashishi, hatto aqli insonlarnikidan oʻzib ketishi haqida bashoratlar koʻp boʻlgan, lekin buning qachon roʻy berishi haqida farazlar turlicha.
“Fikrlaydigan” texnologiyani yaratish yoʻlida
“Sunʼiy intellekt” (Artificial Intelligence) atamasi fanga 1956-yilda amerikalik olim Jon Makkarti tomonidan kiritilgan. Agar kompyuter yoki biror axborot dasturi, odatda, bajarish uchun inson aqli va tafakkuri talab qilinadigan ishni mustaqil amalga oshira olsa, bu sunʼiy intellekt hisoblanadi. Biologik mavjudot hisoblanmish odamning aqli, fikrlashi bu haqiqiy intellekt boʻlsa, nobiologik, yaʼni inson tomonidan yasalgan buyum yoki boshqa bir predmetning “fikrlashi” sunʼiy intellekt deb ataladi.
Oʻtgan asrning 60-yillarida olimlarning qizgʻin eʼtiborini tortgan bu soha 70-yillarga kelib “Sunʼiy intellekt qishi” deb atalgan davrga qadam qoʻydi. Yaʼni sohada biror jiddiy siljish kuzatilmagani bois unga eʼtibor va sarmoya kiritish keskin pasaydi.
90-yillarga kelib, sunʼiy intellektning “Mashina oʻrganuvi” (Machine learning) deb ataladigan yoʻnalishida tadqiqotlar kuchaydi. Inson tomonidan yaratilgan algoritmlar asosida kompyuterning mustaqil ravishda oʻz bilimini boyitib borishi “Mashina oʻrganuvi” deb ataladi. Har qanday sunʼiy intellekt asosida shu texnologiya yotadi. Sodda qilib aytganda, sunʼiy intellektning ozuqasi, bu — axborot va u doim axborotga oʻch. Mashina qancha koʻp axborot bilan oziqlantirilsa, u shuncha aqlli boʻlib boradi.
2000-yillardan boshlab ilgʻor mikrosxemalar va super kompyuterlar yordamida sunʼiy intellektni arzonroq va tezroq treningdan oʻtkazish imkoniyati paydo boʻldi. “Kompyuterning koʻrishi” (Computer vision), “Chuqur oʻrganish” (Deep learning) yoʻnalishlarida samarali tadqiqot va tajribalar oʻtkazildi.
“ChatGPT”: sohada tub burilish
2022-yil 30-noyabr kuni AQSHning “OpenAI” kompaniyasi “ChatGPT” onlayn platformasini ommaga taqdim etdi. Hammaga tanish chat oynasi orqali siz istalgan savolni (taqiqlangan mavzulardan tashqari) sunʼiy intellektdan soʻrashingiz mumkin. U sizga qaytaradigan javoblar esa hayratlanarli darajada aniq va ravon. Matematika, fizika, kimyo kabi fanlar yoki veb-saytlar uchun kod yozish boʻladimi, xullas, inson zotiga maʼlum istalgan fanga oid savolni soʻrashingiz mumkin, u sizga oʻsha sohaning olimidek javob qaytaradi. Goʻyoki, kompyuter emas, inson bilan gaplashayotgandek boʻlasiz.
Masalan, “Termoyadroviy reaksiya nima?” deb soʻrang. U sizga ilmiy va batafsil tushuntirish beradi. Endi undan xuddi shu javobni yetti yashar bolaga tushuntirib ber, deb soʻrang. U bu safar juda sodda tilda, bola tushunadigan misollar bilan javob beradi.
Sunʼiy intellekt sheʼrlar yozadi, hikoyalar va hatto roman qoralashi mumkin. Qanday mavzuda boʻlishini aytsangiz kifoya. Musiqa bastalaydigan, qoʻshiq kuylaydigan, haqiqiy tasvirlardan farqlash mumkin boʻlmagan darajada sifatli sunʼiy videolar tayyorlab beradigan platformalar ham mavjud.
Bu qanday ishlaydi?
Sunʼiy intellektning insondek soʻzlashish qobiliyati “Katta til modeli” (LLM — Large Language Model) deb ataladigan tizimga asoslangan. Unga turli adabiyotlar, kitoblar, maqolalar, internetda mavjud matnlar, xullas, insoniyat yaratgan matnli, video va audio formatdagi maʼlumotlar yuklanadi va maxsus algoritmlar yordamida treningdan oʻtkaziladi. Sodda qilib aytganda, chaqaloqdek miyasi boʻsh kompyuterga biz qanday gapirishni va yozishni oʻrgatamiz, uni turli sohalarda olimga aylantiramiz.
Keyin unga treningdan oʻtkazilgan mavzularda savol tashlasangiz, oʻz bazasidagi millionlab resurslarni varaqlab, toʻgʻri javobni topadi. Javobni tuzishda grammatikaga oid bilimlarini ishga soladi. Oʻz ixtiyoridagi millionlab, balki milliardlab misollarni tahlil etgan holda siz soʻragan savolga ehtimoliy toʻgʻri javob nima boʻlishi mumkinligini taxmin qiladi va eng optimal deb hisoblagan javobni sizga joʻnatadi.
“ChatGPT” deyarli barcha tillarda gapiradi. Asosiy zaboni ingliz tili, lekin boshqa tillarda ham ishlatish mumkin. U oʻzbek tilida ham muloqotga kirisha olishini daʼvo qiladi, lekin hozircha bu tildagi imkoniyatlari ancha cheklanganini sezish qiyin emas. Bu faqat vaqt va resurs masalasi bilan bogʻliq. Sunʼiy intellekt oʻzbek tilidagi manbalar bilan koʻproq oziqlantirilsa, u ham tez orada bizning zabonimizda “bulbuldek sayraydigan” boʻladi.
Yangi platforma “Tyuring testi”dan oʻtdimi?
“ChatGPT” shu darajada zoʻr ishlar ekan, demak, uning aqli, fikrlashi inson darajasiga yetdi, deb xulosa qilishimiz mumkinmi?
Ushbu platforma ilovasiga yaqinda audio orqali suhbatlashish funksiyasi ham qoʻshildi. Endi siz u bilan istalgan mavzuda ovozli muloqot qilishingiz mumkin.
Men “ChatGPT”ni “Tyuring testi” orqali sinab koʻrmoqchi boʻldim. Ingliz tilida har xil savollar bilan uni chalgʻitishga urindim. “Tyuring testi” aslida maxsus mutaxassislar tomonidan alohida savollar orqali oʻtkaziladi. Lekin men olib borgan oddiy suhbatda ham ovoz sohibi haqiqiy inson emasligini sezish qiyin emas. Ingliz tili talaffuzi, ohang va intonatsiyada hech qanday muammo yoʻq. Lekin har bir javob oxirida yana qanday savoling bor, deya takror-takror soʻrashi, baʼzan boshqa tillarda gapirib yuborishi hamda oʻzbek tilini bilaman deya daʼvo qilib, juda yomon talaffuz bilan oʻzbekcha gapirishi, “Oʻzingga oʻzbekcha ism tanla”, deb soʻraganimda, ayol ovoziga ega boʻla turib, dastlab oʻziga erkakning ismini olgani uning haqiqiy odam emasligini koʻrsatib qoʻydi.
Lekin matn orqali gaplashganda bu kamchiliklar sezilmaydi.
Olimlar taxminiga koʻra 2030-yilgacha sunʼiy intellekt “Tyuring testi”dan oʻtadi. Yaʼni uning javoblari, oʻzini tutishi, his-hayajoni insonnikidan mutlaqo farqlab boʻlmaydigan darajaga yetadi.
Aql bovar qilmas “aql”
Sunʼiy intellektning ishi faqat savollarga javob berishdan iborat emas. Uni amaliyotda turli sohalarda qoʻllash mumkin. Oddiy aytganda, u turli sohalarda ekspert darajasidagi bilimga ega tekin ishchi. U oʻta murakkab, inson bajarishi uchun katta vaqt va resurs talab qilinadigan vazifalarni juda qisqa muddatda va aʼlo darajada bajara oladi.
Statistika va tahlil bilan shugʻullanadigan kompaniyalar ishi juda osonlashgan: sunʼiy intellektga ming betlik hisobotni taqdim etib, menga bir-ikki betlik xulosasini chiqarib ber, deyilsa kifoya, soniyalar ichida hisobotning magʻzi tayyor boʻladi.
Taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot, axborot texnologiyalari kabi koʻplab tarmoqlarda allaqachon sunʼiy intellektdan samarali foydalanilmoqda.
Sunʼiy intellekt yordamida yangi dori turlari va vaksinalar kashf etilyapti. Yaqin yillarda u koʻplab bedavo yoki ogʻir kasalliklarga davo topishi bashorat qilingan.
Sunʼiy intellektga ega robotlar va boshqa amaliy jihozlar soni ham kundan-kunga koʻpaymoqda. Odamdek gapiradigan va ishlaydigan robotlar xonadonlarga kirib bormoqda. Avtomobillarning odam tomonidan boshqarilishi yaqin kelajakda oʻtmishga aylanadi, chunki ular sunʼiy intellekt yordamida oʻz manzilini mustaqil topib boradi.
Vaziyat shu darajaga yetadiki, uning qanday ishlayotganini, hatto dastur egalari ham tushunmaydigan davrlar keladi…
Sunʼiy ong xavotiri
Sunʼiy intellekt imkoniyatlariga oid umidlar bilan bir qatorda tahdid va xavotirlar ham bor. Xavotirlarning eng oddiysi — uning insonlar ishini tortib olishi va ishsizlikni koʻpaytirishi. Eng katta tahdid sifatida esa sunʼiy intellekt hukmron boʻladigan kelajakda insoniyatning yashab qolishi savol ostiga olinmoqda.
Sunʼiy intellekt tufayli koʻplab ish oʻrinlari boy berilishi haqiqat. Baʼzi sohalar kelajakda, hatto kasb sifatida gʻoyib boʻlishi taxmin qilinyapti. Bular — oʻqituvchilar, haydovchilar, dasturchilar va hatto jurnalistlar hamda shifokorlar. Musiqa, kino sanoati va boshqa koʻngilochar sohalardagi ish oʻrinlari ham tahdid ostida.
Shu bilan birga, sunʼiy intellekt asosida yangi sohalar, yangi kasblar va ish oʻrinlari paydo boʻladi, degan qarashlar bor. Sunʼiy intellekt kam xarajat evaziga katta boylik yaratishi hisobiga, barcha uchun universal maosh belgilash gʻoyasini olgʻa surayotganlar ham mavjud. Yaʼni ishlash yoki ishlamasligidan qatʼi nazar, hamma yashash uchun yetadigan minimum nafaqa bilan taʼminlanadi.
Asosiy tahdid bunda emas. “SpaceX”, “Tesla” kabi bir qator kompaniyalar egasi, shuningdek, “ChatGPT”ni ishga tushirgan “OpenAI” kompaniyasi asoschilaridan biri Ilon Maskning aytishicha, insoniyat tirik qolish yoki qolmaslik xavfi bilan yuzlashmoqda. Unga koʻra sunʼiy intellekt shu darajada taraqqiy etadiki, uning nazorati inson qoʻlidan chiqib ketadi. Oʻz tafakkuri va mantigʻi asosida insonning baʼzi harakatlarini ideal jamiyat uchun xavf deb topsa, sunʼiy intellekt odamzod erkini cheklashi va hatto uni jismonan yoʻq qilishi mumkinligi haqida farazlar bor.
Shuning uchun sunʼiy intellekt asoslarini toʻgʻri tanlash, uning nazoratdan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va barcha birdek rioya etadigan “oʻyin qoidalari”ni qabul qilish taklif etilmoqda.
Yevropa Ittifoqi Sunʼiy intellekt toʻgʻrisidagi qonunni imzolash arafasida. AQSHda bu sohada tadqiqot olib boruvchi eng yirik kompaniyalar sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro “oʻyin qoidalari”ni kelishib olgan. Boshqa davlatlarda ham shunday harakatlar bor.
Xullas, sunʼiy intellekt bizga koʻp ajoyibotlar va qulayliklar taqdim qilishda davom etadi. Bu neʼmatlardan bahra olar ekanmiz, mazkur texnologiya insoniyat uchun qanday oqibatlarga olib kelishi esa hali-hanuz savol ostida.
Dilshod KARIMOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring