Sud protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirilmoqda

15:36 28 May 2025 Siyosat
137 0

Senatning yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, sud faoliyati va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga keng imkon berdi. Islohotlar natijasida sud hokimiyatining ochiqligi ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi.

Jumladan, aholi bilan ochiq muloqotlar yoʻlga qoʻyildi, sayyor sud majlislarining koʻlami oshirildi, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqildi.

Ochiq sud majlislarida barcha fuqarolarga hech qanday toʻsiqlarsiz ishtirok etish imkoniyatlari taqdim etildi. Sud qarorlari hech kimdan sir tutilmasdan onlayn tarzda eʼlon qilinmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish qonun hujjatlari qonun hujjatlari bilan mustahkamlangan.

Jumladan, Konstitutsiyaning 31-moddasida har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlandi. Shuningdek, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish huquqiga egaligi Konstitutsiya darajasida eʼtirof etilgan.

Qayd etish lozimki, yopiq sud majlislarini oʻtkazishga oid ham qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularni oʻtkazish tartibi va muddatlari aniq belgilandi.

Qonun huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, unda Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga yopiq sud maʼlumotlarini oshkor qilmaslik boʻyicha sud muhokamasi ishtirokchilariga tegishli majburiyat yuklash va buni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksi 239-moddasining nomi surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisi maʼlumotlarini oshkor qilish deb toʻldirilib, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning yoki sudning ruxsatisiz surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud maʼlumotlarini oshkor qilmaslik toʻgʻrisida majburiyat yuklatilgan shaxs tomonidan oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga yangi modda bilan, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslari, shuningdek, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning “Sud majlisi”ga oid moddalari yangi qism bilan toʻldirilib, ishni yopiq sud majlisida koʻrilganida sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik toʻgʻrisida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinishi va tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun Jinoyat kodeksining 239-moddasiga binoan javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettirilishi mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Senatorlar ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi sud protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari yanada kuchaytirilishiga, sud muhokamasi ishtirokchilarining shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlar oshkor etilishining oldi olinishiga xizmat qilishini taʼkidladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер