Sportdagi anʼanalar davom etadimi?

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Olimpiada va paralimpiya musobaqalarida gʻolib chiqqan yoki sovrindor boʻlgan mamlakatimiz sportchilari orasida Buxoro viloyati vakillarini uchratish odatiy hol. Deylik, buning uchun Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan XXI yozgi olimpiya oʻyinlarini eslashning oʻzi kifoya.
Toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasida bokschi Shahobiddin Zoirov oltin, Shahram Gʻiyosov kumush medalni qoʻlga kiritgan. Sherzod Nomozov mamlakatimiz paralimpiya tarixidagi birinchi chempionga aylangan edi. 2024-yilda Parijda boʻlib oʻtgan yozgi olimpiada bahslarida bokschimiz Abdumalik Xaloqov bu anʼanani davom ettirib, shohsupaning yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.
— Jahon va Osiyo miqyosidagi koʻplab nufuzli musobaqalarda ishtirok etganman, — deydi A. Xaloqov. — Ammo olimpiadada qatnashib, gʻolib chiqmoqning gashti boʻlakcha. Chempion boʻlganing va buning sharafiga Vatan bayrogʻi koʻtarilib, davlatimiz Madhiyasi yangragan lahzadagi his-tuygʻuni soʻz bilan ifodalash mushkul.
Abdumalik 2028-yilda 28 yoshga kiradi. Bu sportchi uchun ayni kuch-quvvatga toʻlgan yosh sanaladi. Yurtdoshimiz Los-Anjeles olimpiadasida qatnashib, Parijdagi natijasini takrorlash niyatida. Shu boisdan ham u hozirdanoq murabbiylari koʻmagida aniq reja asosida tayyorgarlikka kirishgan.
— Davlatimiz rahbari raisligida olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda taʼkidlanganidek, 2028-yilda Los-Anjeles mezbonlik qiladigan olimpiya oʻyinlarida kuchli oʻntalikka kirish maqsad qilingan, — deydi viloyat sport boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Rustam Quliyev. — Bu maqsadga erishish uchun hamjihatlikda ishlash talab etiladi, albatta. Viloyatimiz mutasaddilaridan tortib murabbiylar-u sportchilargacha zimmadagi ana shu masʼuliyatni chuqur his etishayapti. Nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ishlarini allaqachon boshlab yuborganmiz.
Buning uchun avvalo, olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha seleksiya ishlarini takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi. Jumladan, boks, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, gandbol, parayengil atletika, para taekvondo, para stol tennisi va para pauerlifting sport turlariga ustuvor, voleybol, taekvondo VT, futbol, basketbol, paradzyudo, badiiy gimnastikaga istiqbolli, velosport, qilichbozlik, kamondan otish, yengil atletikaga rivojlanayotgan sport turlari sifatida yondashilmoqda. Viloyat sport federatsiyalarini rivojlantirish va moliyalashtirish, shuningdek, ularga homiy tashkilotlarni biriktirish yuzasidan zarur chora-tadbirlari belgilandi. Yechimtalab masalalar har oyda bir bor muhokamadan oʻtkazilayapti.
Boʻlgʻusi olimpiyada oʻyinlari uchun ayni paytda 18 nafar iqtidorli sportchining roʻyxati shakllantirilgan. Ularning 12 nafari ustuvor, qolganlari istiqbolli va rivojlanayotgan yoʻnalishlar sirasiga kiradi.
— Olimpiadada ishtirok etish va sovrindor boʻlishni qaysi bir sportchi orzu qilmaydi, — deydi 2024-yilda badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritgan Ruxshona Dehqonova. — Mening ham Los-Anjelesda oʻtadigan olimpiadadan umidim katta. Hozir ustozlarim – badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Rimma Xoxlova va Raʼno Muhammedova koʻmagida boʻlgʻusi musobaqalarga tayyorgarlik koʻrayapman. Buning uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.
Ruxshonaning aytganicha bor. Yurtimizda yoshlarning sport bilan shugʻullanishi, oʻz iqtidorini yuzaga chiqarishi yoʻlida aytsa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yilda Buxoro shahrida Universal sport majmuasining foydalanishga topshirilgani fikrimiz dalilidir. Loyiha qiymati 320 milliard soʻm boʻlgan majmuada sport bilan muntazam shugʻullanish va xalqaro darajadagi musobaqalarni yuksak saviyada oʻtkazish uchun zarur qulayliklar yaratilgan. Inshoot tarkibidan 4 ming tomoshabinga moʻljallangan manej, oʻquv-mashgʻulotlar zali, VIP loja, oʻyin zali, yuvinish-kiyinish, sport jihozlarini saqlash xonalari oʻrin olgan. Tashqari qismida yugurish yoʻlaklari, sunʼiy qoplamali futbol maydoni mavjud. Darvoqe, aynan shu goʻsha oʻtgan yilda minifutbol hamda qoʻl jangi sport turlari boʻyicha jahon chempionati, penchak silat boʻyicha Osiyo birinchiligiga mezbonlik qildi.
Sir emas, olimpiada yoki xalqaro musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan sportchini tayyorlash vaqt va tinimsiz mehnat, sabot, qatʼiyatni, qolaversa ishonchni talab etadi. Shuni nazarda tutib, sportda seleksiya va taʼlim tizimini takomillashtirish, “Besh tashabbus olimpiadasi” dasturi, “Viloyat hokimi kubogi” musobaqalari orqali yosh iqtidor egalarini aniqlash va ular bilan tizimli ishlash yoʻlga qoʻyildi. Joriy yilda 125 nafar murabbiy malaka oshirish kurslarida saboq oladi. Toʻrtta sport maktabini sportning ustuvor u yoki bu turiga ixtisoslashtirish yuzasidan takliflar tayyorlandi. “Besh tashabbus olimpiadasi” vositasida yoshlarni ommaviy sport bilan qamrab olish koʻrsatgichini 1,2 barobarga oshirib, ular sonini 750 ming nafarga yetkazish koʻzda tutilgan.
Bunday ishlar shubhasiz, viloyat sportida anʼanalarni davom ettirish sari keng yoʻl ochmoqda. Oʻtgan yilda jahon, Osiyo chempionatlari, kubok musobaqalari va nufuzli xalqaro turnirlarda buxorolik sportchilarning jami 626 ta medalni qoʻlga kiritishgani ham ularning oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring