Spiker oʻrinbosari sessiyada Murojaatnoma mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratdi

20:10 12 Yanvar 2021 Jamiyat
939 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasini yoʻlladi. Ushbu tarixiy nutq oʻzining dolzarbligi va keng qamrovligi bilan keng jamoatchilik orasida katta qiziqish uygʻotdi. Murojaatnomani tinglab, unda bildirilgan takliflar, hayotbaxsh gʻoyalarning mazmun-mohiyatini barcha yurtdoshlarimiz yuragidan oʻtkazgani aniq.

Shu kunlarda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini va unda ilgari surilgan ustuvor vazifalarni fuqarolarimizga tushuntirish maqsadida joylarda turli tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Xalq deputatlari Jomboy tuman Kengashining navbatdagi – XXI sessiyasida ham Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda hududiy dasturlarni tayyorlash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Sessiyada ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov soʻzga chiqib, bu galgi Murojaatnoma tom maʼnoda mamlakatimizni yana-da yuksaltirish, taraqqiyotini taʼminlashga qaratilganini taʼkidladi.

— Bugungi kunda mamlakatimizda kambagʻallikni kamaytirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Davlatimiz rahbari deyarli har bir maʼruzalarida bu masalaga toʻxtalib, kambagʻallikni kamaytirish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish lozimligini taʼkidlamoqda, — dedi A.Xaitov. — Shu jihatdan oʻtgan yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili boʻldi, desak yanglishmaymiz. Chunki oʻtgan yilda aholining muayyan qatlami oʻrtasida kambagʻallik mavjudligini birinchi marta tan olinib, uni qisqartirish boʻyicha keng qamrovli ishlar boshlandi. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi – “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi.

Spikeri oʻrinbosari shuningdek, Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarni joylarda toʻliq ijrosini taʼminlash va nazoratini olib borishda barcha masʼul rahbarlar, mahalliy kengash deputatlari yana-da faol boʻlishlari lozimligini qayd etdi.

Sessiya soʻnggida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror loyihalari qabul qilindi.

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi yirik toʻqimachilik korxonasi – “MAROQAND SIFAT TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyati ilgʻor texnologiyalar asosida klaster usulida ishlab kelayotgan yirik korxonalardan biri sanaladi.

A.Xaitov viloyatdagi uchrashuvlari doirasida mazkur korxonada ham boʻlib, iqtisodiy imkoniyatlar, ish jarayonlari hamda xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Korxonada ayni paytda 600 nafarga yaqin mahalliy yigit-qiz mehnat qilmoqda. Bu yerda paxtani qayta ishlash quvvatlaridan unumli foydalangan holda yiliga 2000 tonnadan ziyod ip kalava tayyorlanib, taʼminotchilarga yetkazib berilmoqda.

— Korxonamizda siyosiy yetuk, shijoatli va tashabbuskor yoshlar juda koʻp, — deydi “MAROQAND SIFAT TEXTILE” MCHJ direktori Sherali Xusanov. — Agar boshlangʻich partiya tashkiloti atrofida ular birlashsa, nafaqat mehnat unumdorligi, ish sifati yuksaladi, balki jamoadagi hamjihatlik, ahillik, ertangi kunga ishonch va intilish kuchayadi. Albatta, yosh sanoatchilarimizdan bunday taklif chiqishi ularning siyosiy ongi va tafakkuri yuksalib borayotganidan dalolat berib turibdi.

Jomboy tumanidagi “TURBO HYGIENIC” MCHJ qoʻshma korxonasi 2020-yilda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, bugungi kunda bolalar tagliklari va nam salfetkalar ishlab chiqarmoqda.

Spiker oʻrinbosarining tumandagi uchrashuvlari mazkur korxonada davom etdi.

Suhbat va muloqotlar chogʻida tuman hokimining birinchi oʻrinbosari F.Majidovga hududdagi 45 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalarini davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlardan oqilona foydalanishlari maqsadida Urgut EIZ tarkibiga kiritishni taklif qildi.

Oʻz navbatida, mazkur korxonalar erkin iqtisodiy zona tarkibiga kiritilsa, soliq va boshqa imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ishlab chiqarish quvvatlari keskin oshishini hamda 4 mingdan ortiq qoʻshimcha ish oʻrni yaratish imkoniyati mavjudligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?