Soʻzim dilda, doʻmbiram qoʻlimda

16:56 18 Iyul 2024 Jamiyat
168 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Baxshining kuylayotgan terma va dostonning mazmunida, doʻmbirasining ohangida ilohiy sehr bor. Xalq dostonlari faqat sevgi-muhabbat kuychisi emas, tarbiya vositasi boʻlib kelgan. Yozma manbalar boʻlmagan davrlarda ajdodlarimiz ogʻzaki ijod orqali avlodlarga mardlik, yaxshilik, halollik, vatanparvarlik, doʻstlik ibratini yetkazgan. Shu bois, baxshilar ezgulik elchilari sifatida ulugʻlanadi.

Xalq ogʻzaki ijodining goʻzal va betakror namunasi baxshichilik sanʼati ming yillar davomida oʻz ahamiyatini yoʻqotmadi. Aksincha, yillar mobaynida sayqal topib, madaniy merosimizni boyitib kelmoqda. Bugungi globallashuv zamonida baxshichilik sanʼati eʼtibordan chetda, ustoz baxshilar keksayib koʻp joylarda ushbu tarixiy meros unutila boshlagandi.

2018-yil 1-noyabrda Prezidentimizning “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori uni asrab-avaylab yosh avlodga yetkazishga beqiyos hissa qoʻshdi. Ilk bor Surxondaryoda, keyin Nukus shahrida, oʻtgan yili yana Sirdaryoda tashkil etilgan III Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va ijodiy hamkorlikni mustahkamladi.

Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil baxshi, Islom shoir, Poʻlkan shoir, Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi Boltayev, Boborayim Mamatmurodov, Abdunazar Poyonov, Qora baxshi Umirov, Shomurod Togʻayev, Qodir baxshi Rahimov, Ziyodulla Islomov, Norbek baxshi Abdullayev, Qalandar baxshi Normetov, Abduqahhor, Abdumurod Rahimov, Safar Shaydilov kabi koʻplab betakror isteʼdod sohiblari baxshichilik sanʼatining sayqal topib rivojlanishi, umrboqiy yashashiga oʻz hissasini qoʻshdi.

Oʻzbekiston Xalq baxshisi Shoberdi baxshi Boltayevning eng yosh shogirdi – boysunlik Farrux baxshi Nuraliyev ustozlar anʼanasini munosib davom ettirayotgan yosh isteʼdodlardan.

— Baxshichilik sanʼatiga yuksak eʼtibor berilayotgani ulkan muvaffaqiyatlarga erishishimga ilhom bermoqda, — deydi Farrux baxshi Nuraliyev. — Bobom Nurali chobogʻon Avazov oʻz vaqtining mashhur uloqchilaridan boʻlgan. Bolaligimdan uloq-koʻpkarida suyagim qotdi. Ot ustida ulgʻaydim. Koʻpkarilarga borganimda qir-adirliklarda davra qurib, Shoberdi baxshi kuylardi. Oʻsha damlarda mazmuniga tushunmasam-da, doʻmbiraning jarangdor nolishi, baxshining boʻgʻiq ovozi sehrlab qoʻyardi. Amakim Shoberdi baxshining uyida sayslik qilardi. Bobom bilan baxshining oilaviy bordi-keldisi quyuq edi. Baxshichilikka qiziqishimni payqab, 3 yoshimdan oʻzining yoniga oldi. Erinmadi, ogʻrinmadi, ketgan vaqtiga qizgʻanmadi. Menga baxshichilik mahoratini qunt bilan oʻrgatdi. Vaqt oqar daryo. Hozir ustozim 80 yoshda. Tez-tez yoʻqlab boraman. Har gal albatta, bitta terma kuylatadi. Haligacha xato-kamchiliklarimni tuzatib turadi.

Bugun Farrux baxshichilik sanʼatida yuksak natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda. U “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli” dostoni turkumiga kiruvchi bir qancha dostonlardan parchalar, shuningdek, doston ijrochiligi yoʻlidagi xalq qoʻshiqlari va termalar kuylab kelmoqda. Oʻzining “Chavandoz” nomli dostonini ham yaratgan. 2022-yilda “Yoshlar ovozi” tanlovining Respublika bosqichida baxshichilik yoʻnalishida 2-oʻrinni egalladi. “Baxshi, oqin va jirovlar” Respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng mohir cholgʻu ijrochisi” nominatsiyasida gʻolib boʻldi. Bu yilgi “Yoshlar ovozi” tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, respublika bosqichiga yoʻllanma oldi.

Hozirda Farrux Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida dostonchilik va baxshichilik yoʻnalishida tahsil olmoqda. Uning orzusi bobomeros qadriyatimizni kelajak avlodga yetkazish, uni jahonga tarannum etishda oʻz hissasini qoʻshishdir. Niyatimiz, u ham ustozlaridek kuy-qoʻshiqlari orqali xalqlar oʻrtasidagi ezguliklarga elchilik qilsin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?