Sovuq urush alomati, Afgʻonistonlik qochoqlar va Baydenning “qovunlari” (+video)

18:47 12 Iyul 2024 Dunyo
314 0

Pokiston mamlakatda noqonuniy yashayotgan koʻp sonli afgʻon muhojirlarini chiqarib yuborish rejasini eʼlon qildi

Gʻarb davlatlariga koʻchirilishi maʼqullangan oʻn minglab afgʻonlar hozirda Pokistonda qolmoqda. Islomobod bu muhojirlarni “Noqonuniy xorijliklarni repatriatsiya qilish rejasi”ning ikkinchi bosqichi doirasida deportatsiya qilishni maqsad qilgan. Oʻtgan yildan beri 600 mingga yaqin afgʻon Pokistondan Afgʻonistonga deportatsiya qilingan.

Vaziyat 2021-yilda Tolibon Afgʻonistonni egallab olgach, yana 600 mingga yaqin afgʻonning Pokistonga qochib oʻtishiga sabab boʻlganidan keyin yomonlashdi. Islomobod xavfsizlik masalalari va Kobul bilan munosabatlarning yomonlashuvi tufayli deportatsiyalarni oshirayotgani taxmin qilinmoqda. Gʻarb davlatlariga koʻchib oʻtishi tasdiqlangan 44 mingga yaqin afgʻon ham hamon Pokistonda yashayapti.

Ushbu muhojirlarning aksariyati Amerika Qoʻshma Shtatlariga koʻchirilishi mumkin. Bu son taxminan 25 ming kishini tashkil qiladi. Qolgan 19 mingdan ziyod afgʻon esa Avstraliya, Kanada, Germaniya va Britaniyaga koʻchiriladi. Pokiston bu davlatlarni bu shaxslarni imkon qadar tezroq koʻchirish uchun viza jarayonini tezlashtirishga chaqirgan.

Baydenning “qovunlari”

AQSH prezidenti Jo Bayden oʻz chiqishida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni tasodifan “Putin” deb atagan.

Bu Ukrainani qoʻllab-quvvatlovchi shartnomani nishonlash tadbirida yuz berdi. “Endi esa men uni jasoratli Ukraina prezidentiga topshirmoqchiman, xonimlar va janoblar, prezident Putin”, degan Bayden.

Bayden qilgan xatosini tushunib, “Siz prezident Putinni yengishingiz mumkin. Men Putinni magʻlub etishga diqqatimni qaratganman. Qanday boʻlmasin, biz bu haqda tashvishlanishimiz kerak”, degan. Zelenskiy esa “Men undan yaxshiroqman”, deb javob berdi, Bayden esa “Sen ancha yaxshisan”, deya uning fikriga qoʻshilgan.

Bayden matbuot anjumanida xatoga toʻxtalib, kulib yubordi va konferensiyani muvaffaqiyatli deb atadi. Bu uning ilk xatosi emas, u avvalroq, Zelenskiyni “Vladimir” deb atagan va Ukrainani qoʻllab-quvvatlash haqidagi tafsilotlarni chalkashtirib yuborgandi. Shuningdek, Bayden vitse-prezident Kamala Harrisni Donald Tramp bilan adashtirib yubordi.

“Meni eshiting, agar men uni prezidentlikka loyiq deb oʻylamaganimda, vitse-prezident Trampni vitse-prezidentlikka tanlagan boʻlardimi?” degan Bayden jurnalistning savoliga javoban.

Siyosiy arboblar Baydenning xatosiga tezda munosabat bildirishdi. Devid Akselrod buni matbuot anjumanining “baxtsiz debochasi” deb atagan, Meghan Makkeyn va Charli Kirk esa Baydenning yetakchilik qobiliyatidan xavotir bildirgan.

Maʼlumot uchun, Bayden iyun oyidagi debatdan beri demokratlar va oʻz tarafdorlari tomonidan bosimga uchramoqda. Ular Baydenni prezidentlik kampaniyasini tark etishini istashmoqda. Bu haqda “Newsweek” nashri xabar berdi.

“AQSHning Germaniyadagi raketalari Sovuq urushning qaytishidan dalolat beradi”

Oq uy Vashingtondagi NATO sammiti chogʻida Germaniyada Rossiya hujumidan himoyalanish uchun uzoq masofali raketalar joylashtirish haqida maʼlumot berdi. Olaf Shols bu qarorni olqishlagan. Ammo Rossiya bunday harakat sovuq urush davridagi toʻgʻridan-toʻgʻri qarama-qarshilikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. “Biz sovuq urush sari barqaror qadamlar tashlayapmiz”, degan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Ushbu qaror Germaniyada hatto Shols partiyasida norozilik keltirib chiqardi. Bunga javoban Kansler urushni toʻxtatuvchi va tinchlikni taʼminlash uchun zarur hamda muhimligini taʼkidlagan. Raketalar joylashtirilishi germaniyaliklarga ham Sovuq urush xotiralarini esga soladi. Nemis siyosatchilari jarayon qurollanish poygasini tezlashtirish va dunyoni xavf ostiga qoʻyish tomon muhim qadam ekanligini aytmoqda. Ularga koʻra, Germaniyaning oʻzi urush teatriga aylanishi xavfini oshiradi.

Oq uy raketalarni 2026-yildan boshlab joylashtirmoqchi. Rossiyaning Berlindagi elchisining aytishicha, agar ushbu jarayonlar davom etaversa, ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar yanada yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirdi. Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Nemis armiyasida yerdan uchiriladigan uzoq masofali raketalar yoʻq, faqat samolyotlar tomonidan uchirilishi mumkin boʻlgan qanotli raketalar mavjud.

1980-yillarda Sovuq urush avjida Gʻarbiy Germaniyada AQSHning Pershing II ballistik raketalarining joylashtirilishi keng koʻlamli namoyishlarga sabab boʻlgan edi. Yuz minglab odamlar norozilik namoyishiga chiqqan. AQSH boshchiligidagi NATO davlatlari Rossiyaning 2022-yilda qoʻshni Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan qitʼada oʻz mudofaasini kuchaytirishga shoshilmoqda.

Qozogʻiston Rossiya qimmatli qogʻozlaridan voz kechmoqda

Qozogʻiston depozitariysi Rossiya qimmatli qogʻozlari egalarini 10-avgustgacha ularni mamlakatdan olib chiqishga chaqirdi. Bu haqda 11-iyul, payshanba kuni mamlakat depozitariysining tavsiyasi bilan xat orqali maʼlum qilingan.

Qimmatli qogʻozlarni olib qoʻyish boʻyicha hujjatda koʻrsatilgan muddatlar toʻgʻridan-toʻgʻri Vashington tomonidan 12-iyunda Milliy hisob-kitob depozitariysi va Moskva birjasiga qarshi joriy qilingan sanksiyalarga tegishli.

“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi AJ tomonidan jismoniy shaxslarga yuborilgan xat Milliy hisob-kitob depozitariysiga qarshi AQSH tomonidan blokirovka qiluvchi sanksiyalar joriy etilgani bilan bogʻliq. Markaziy depozitariydan kelgan xatda 10-avgustgacha muddat koʻrsatilgan”, deya taʼkidladi tashkilot matbuot xizmati. Qozogʻiston depozitariysi AQSHning Moskva birjasiga nisbatan joriy qilgan sanksiyalarini qoʻllab-quvvatlashni tanladi, garchi cheklovlar mamlakat uchun majburiy boʻlmasa-da.

“Qozogʻiston iqtisodiyoti zarar koʻradi. Agar siz aktivlarni olib qoʻysangiz, bu boʻshliqlar biror narsa bilan almashtirilishi kerakligini anglatadi. Demak, bu nafaqat Rossiya, balki Qozogʻistonning oʻziga ham zarba boʻldi”, deya ishonch bildirgan Rossiya Davlat dumasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?