Sovuq taʼsirida paydo boʻladigan allergiyadan qanday himoyalanish kerak?

16:51 20 Yanvar 2024 Jamiyat
430 0

— Havo harorati keskin pasayganda baʼzi bemorlarda sovuqdan allergiya kuzatilishi mumkin. Bu terida qizarish, shish, pufakchalar, qichishish, koʻz yoshlanishi kabi alomatlar bilan namoyon boʻladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova.

Xastalikning aynan past harorat taʼsirida yuzaga kelayotganini uy sharoitida ham sinab koʻrish mumkin. Buning uchun qoʻlingizning bilak qismiga muz boʻlakchasini qoʻyib, 5-10 daqiqa ushlab turasiz.

Agar shu vaqt davomida bilagingizda qavarchiq paydo boʻlsa, qichishish, qizarish yoki achishishni sezsangiz, demak, sizda sovuqdan allergiyaga moyillik boʻlishi mumkin. Ammo aniq va yakuniy tashxisni allergolog-immunolog qoʻyadi.

Shifokor koʻrsatmasiga koʻra, maxsus sinamalar topshiriladi. Qon tahlili orqali bemorda eozinofillar va immunoglobulin E miqdori qisman oshishi tasdiqlansa, tegishli davo muolajalari belgilanadi.

Shunga qarmay, bu turdagi allergiyaga moyilligi bor kishilar sovuqdan himoyalanishlari kerak.

Avvalo, sovuq kunlarda qalin kiyining! Qoʻlqop, bosh kiyimi, sharf va issiq paypoqlardan foydalaning!

Izgʻirin haroratda koʻchaga chiqishdan avval shifokor tavsiya etgan himoya kremlari va maxsus malhamlarni qoʻllang!

Sovuq ichimlik va yeguliklar isteʼmol qilmang!

Sovuq suvda choʻmilmang! Yuvinish chogʻida qattiq mochalkalardan foydalanmang!

Immunitetni mustahkamlovchi mahsulotlar, darmondorilar, temir, kalsiy, sink, kaliy, selenga boy taomlar tanovul qiling!

Asal, murabbo, spirtli ichimliklar, achchiq, shoʻr yeguliklar, qizil rangli mevalar, boʻyoq qoʻshilgan mahsulotlar, baliq va ot goʻshtidan tayyorlangan taomlar, yongʻoq, yeryongʻoq, pista kabi quruq mevalar, turli oʻtlardan damlamalar isteʼmol qilmay turganingiz maʼqul. Chunki ularda allergik xastalik qoʻzgʻatuvchi xususiyatlar mavjud.

Shuningdek, allergiyaga moyil kishilar shifokor tavsiyasisiz sulfanilamidlar, antibiotiklar, talvasa (sudorogi), yalligʻlanish va silga qarshi preparatlar hamda turli vitaminlar qabul qilishi mumkin emas.

Hozirgi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazimizda ushbu kasallikka aniq tashxis qoʻyish barobarida, uni samarali davolash yoʻlga qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер