Soʻnggi 5 yilda ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish boʻyicha 9 ta axborot tizimi ishlab chiqilgan

17:25 27 Dekabr 2024 Jamiyat
298 0

Soʻngi 5 yilda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish boʻyicha 9 ta axborot tizimi ishlab chiqilgan. Xususan, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini muvofiqlashtirish, taʼlim jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, ortiqcha qogʻozbozlikni oldini olish, izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringi olib borish maqsadida yagona elektron tizim ishlab chiqildi.

Hozirgi kunga kelib yagona elektron tizimda jami 72 ming nafardan ortiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, bundan 35 306 nafar izlanuvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi jamlangan.

Shuningdek, Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari tizimi davlat ilmiy dasturlari doirasidagi tanlovlarga fundamental, amaliy hamda innovatsion loyihalar hujjatlari elektron shaklda qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur tizim orqali loyiha mavzulari shakllanishidan boshlab, loyiha yakuni boʻyicha monitoringgacha boʻlgan barcha jarayonlar toʻliq raqamlashtirishga erishildi.

Hozirgi kunda mazkur tizimdan 7 073 nafar foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan. Tizim orqali 55 ta tanlovlar boʻyicha 614 ta mavzu eʼlon qilingan. Mazkur tanlovlarga jami 3 637 ta loyihalar qabul qilingan. Loyihalar boʻyicha 17 ta ilmiy kengashning 425 dan ortiq aʼzosi, 6 nafar texnik ekspert va 494 nafar ilmiy ekspertlar xulosalarini elektron koʻrinishda taqdim etib kelishmoqda.

Oʻzbekistonda mavjud ilmiy-texnik va tadqiqot laboratoriyalarining ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot laboratoriyalar uchun yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratildi.

Yagona elektron maʼlumotlar bazasi 5 ta asosiy modul tashkilotlar, laboratoriyalar, qurilmalar, xizmatlari hamda murojaatlardan modulidan iborat. Bugungi kunga qadar Yagona elektron maʼlumotlar bazasida 292 ta tashkilotlar va ulardagi laboratoriyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar, 3 513 ta qurilmalar reyestri va qurilmaga doir hujjatlar hamda 487 ta ilmiy laboratoriyalar toʻgʻrisida maʼlumotlari mavjud.

Yuqorida sanab oʻtilgan ishlab chiqilgan axborot tizimlaridan tashqari Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga 2 ta davlat xizmati elektron shaklda koʻrsatib kelinmoqda.

Xalqaro bitimlar doirasida xorijdan keltirilayotgan pul mablagʻlari va asbob-uskunalarning ajratilgan grantlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida hamda davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatib kelinmoqda. 2024-yil boshidan hozirgi kunga qadar mazkur xizmat boʻyicha jami 18 ta arizalar kelib tushgan, 6 tasi rad etilgan, 12 tasiga ijobiy javob berilgan.

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga hujjat topshirish xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) ishga tushirilgan. 2024-yil boshidan hozirgi kunga qadar mazkur xizmat boʻyicha jami 31 099 ta arizalar kelib tushgan. Shundan 14 876 tasiga ijobiy xulosa berilgan.

Ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamli transformatsiya qilish doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ilm-fan, taʼlim va innovatsiya bilan shugʻullanuvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qoʻllab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmon loyihasi ishlab chiqilgan.

Mazkur Farmon loyihasining 2-ilovasida ilmiy va innovatsion faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va raqamlashtirishga qaratilgan loyihalar oʻz aksini topgan. Xususan 15 ta yangi axborot tizimlarini ishlab chiqish va mavjud 3 ta axborot tizimini takomillashtirish boʻyicha amaliy chora tadbirlar rejasi hamda bajarish muddatlari belgilangan. Shu orqali Innovatsion rivojlanish agentligining raqamlashtiriladigan funksiyalarini 100% raqamlashtirish maqsad qilingan.

Ilmiy va innovatsion faoliyatni raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar qoʻshimcha berib boriladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?