Soʻxlik 30 nafarga yaqin oʻqituvchi 1000 dollar va undan koʻp maosh olmoqda

10:59 24 Aprel 2024 Jamiyat
405 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Botir MADIYOROV/ «Xalq soʻzi». Mamlakatimizda oʻqituvchilar bilimi, tajribasini sinovdan oʻtkazish va bilimiga munosib ragʻbatlantirishga doir amaliy ishlar eng olis hududlarda ham oʻz samarasini bermoqda.

Ayni jarayonda pedagog kadrlarga malaka toifasini berish boʻyicha tashkil etiladigan attestatsiya ham oʻqituvchining mehnatini munosib ragʻbatlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

2024-yil 1-yanvardan boshlab oʻqituvchilarga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy etildi. Unga koʻra, attestatsiya ikki bosqichda oʻtkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda — pedagogik mahorati baholanadi.

Shu kunlarda Fargʻona shahrida boʻlib oʻtayotgan sinov jarayonlarida qatnashgan viloyatning eng olis hududi — Soʻx tumani oʻqituvchilari tomonidan oʻziga xos rekord oʻrnatilib, 4 nafar ustoz yuqori ball olishga muvaffaq boʻldi.

Xususan, Soʻx tumanidagi 5-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Qizlarxon Joʻrayeva 100 ballik imkoniyatdan 98 ball, 15-umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻqituvchisi Kumushoy Tojiddinova 98 ball, 11-umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻqituvchisi Barotjon Joʻrayev 98 ball hamda 7-umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻqituvchisi Gulshanjon Joʻrayev 96 ballni qoʻlga kiritishdi.

— Ayni paytda 30 nafarga yaqin oʻqituvchilarimiz 1000 dollar va undan koʻp maosh olmoqda, — deydi Soʻx tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Foziljon Nurmirov. — Yaqin istiqbolda tumanda bunday oʻqituvchilar soni yana oshishiga ishonamiz.

Hozirgi kunda Soʻx tumanida 30 ta umumiy oʻrta taʼlim va 3 ta ixtisoslashgan davlat taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, ularda 18 mingdan koʻproq oʻquvchilarga 1 ming 473 nafar oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya bermoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?