Sohilboʻyi turizmi: tashabbus va istiqbolli loyihalar
Uchqoʻrgʻondan boshlanadigan Norin daryosi sohillari bahavo iqlimi va yashillikka chulgʻangan manzaralari bilan kishini jalb etadi. Bu joylarda ajoyib dam olish maskanlari tashkil etsa boʻladi. Shundan kelib chiqib, daryoning Uychi tumanidan oqib oʻtadigan qismi qirgʻogʻini zamonaviy sayyohlik manzillariga aylantirish loyihasi ishlab chiqildi.

Daryo boʻyidagi 20 gektar maydonda barpo etiladigan turistik sayilgoh istiqbolliligi bilan eʼtiborni tortadi. Unda joylashtiriladigan dastlabki loyihalardan biri mahalliy “Sanlitun” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda.
— “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini hududida qurilishi boshlangan ellik sotix maydondagi “Bali” sayyohlik majmuasiga 3 milliard soʻm miqdorida investitsiya yoʻnaltiryapmiz, — deydi loyiha tashabbuskori Egamberdi Vahobov. — Uning tarkibidan oʻrin oladigan koʻp qirrali hordiq inshootlari, jumladan, sportning bir necha turlariga moʻljallangan stadion, beshta kemping, selfi maydoni va restoranda dam oluvchilar uchun ideal sharoit yaratiladi. Biz ishni jadal olib borib, kelgusi yil yozidan dastlabki sayyohlarni qabul qilishni rejalashtirganmiz.

Aytish kerakki, Norin daryosi va beshta yirik kanal oqib oʻtadigan Uchqoʻrgʻon tumanida ham sohilboʻyi turizmiga alohida eʼtibor qaratilib, 30 gektarlik maydonda mazkur yoʻnalishdagi megaloyiha ijrosiga kirishildi. Uning tarkibiga kiradigan akvapark, kapsula shaklidagi dam olish xonalari, interaktiv attraksion, gullar bogʻi, amfiteatr, salomatlik yoʻlaklari, restoranlar va koʻprikli sayilgoh toʻlaqonli hordiq chiqarish imkoniyatini yaratadi. Tumanda sayyohlik sohasi keng yoʻlga qoʻyilishi barobarida 450 dan ziyod yangi ish oʻrinlari vujudga keltirish koʻzda tutilgan.
Qudratilla NAJMIDDINOV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring