Sogʻlik uchun oʻn ming qadam

10:37 06 Dekabr 2021 Jamiyat
784 0

Foto: Халқ сўзи

Jizzax viloyati shahar va tumanlarida “Sogʻlik uchun oʻn ming qadam”, “Tengsizlikka barham berish. OITSni yoʻq qilish. Pandemiyani toʻxtatish” shiorlari ostida yurish marafonlari boʻlib oʻtmoqda. Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, aholi keng qatlami oʻrtasida salomatlik borasidagi tushuncha va koʻnikmalarni shakllantirish maqsadlari nazarda tutilgan navbatdagi marafon Jizzax shahridagi Oʻrda ekologik bogʻida tashkil etildi.

Oʻn mingga yaqin turli yoshdagi aholi vakillari qatnashgan mazkur marafon harbiy orkestr kuy-qoʻshiqlari bilan boshlandi. Dastlabki chiniqish mashqlaridan soʻng bir soatdan koʻproq vaqt davomida piyoda yurildi.

— Jismoniy faollik inson organizmi uchun suv va havodek kerak, biroq bugungi virtuallashgan zamonda aksariyat insonlar texnologiyalar qarshisiga mixlanib qolmoqda, doimiy harakatda boʻlish zaruratini unutmoqda, — deydi Jizzax viloyati OITS ga qarshi kurash markazi bosh vrachi Nilufar Asqarova. — Oʻttiz daqiqa piyoda yurish yurak urishini meʼyorlashtirib, qon bosimi koʻtarilishining oldini oladi. Bugungidek ochiq havoda piyoda sayr qilish immunitetni oshirib, insonning tana aʼzolariga ijobiy taʼsir qiladi. Bunday marafonlarning oʻtkazilishi esa barchamizni ish, hayot tashvishlaridan ortib, oʻz salomatligimiz uchun oʻzimiz masʼul ekanimizni, sogʻlom boʻlish qoidalarini eslatib turadi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?