Sochi shahrida oʻtkazilgan “ATOMEKSPO-2024” xalqaro atom forumida 4 500 ishtirokchi qatnashdi

12:17 02 Aprel 2024 Dunyo
163 0

Foto: “Xalq soʻzi”

“ATOMEKSPO-2024” ikki kunlik xalqaro forumi Sochi shahridagi “Sirius” fan va sanʼat parkida oʻtkazildi. Anʼanaga binoan, u hokimiyat vakillari, jahon atom industriyasining yirik korxonalari vakillari hamda yetakchi xalqaro ekspertlarni bir yerga jamladi. Tadbir “Rosatom” Davlat korporatsiyasi koʻmagida bu safar 13-marta boʻlib oʻtdi.

Anjumanda 4 500 dan ortiq kishi qatnashdi. Ular 75 ta mamlakatdan kelgan tadbirkorlar, davlat tuzilmalari va xalqaro tashkilotlarning xodimlari edi. Faxriy mehmonlar qatorida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktorining oʻrinbosari Mixail Chudakov, Butunjahon yadro assotsiatsiyasi bosh direktori Sama Bilbao-i-Leon, soha boʻyicha vazirlar va boshqa nufuzli ishtirokchilar bor edi.

“ATOMEKSPO-2024” ning asosiy mavzui — reaktor texnologiyalarning toʻrtinchi avlodi va bu sohada Rossiyaning yetakchiligi masalasi.

“Rosatom” Davlat korporatsiyasining bosh direktori Aleksey Lixachev oʻz nutqida atom texnologiyalarining rivojini hech narsa toʻxtata olmasligini aytib oʻtdi. “ATOMEKSPO-2024” unda qatnashgan mehmonlar va delegatsiyalar soni boʻyicha rekord oʻrnatdi. Tadbirning yana bir muhim jihati — Afrika qitʼasidan kelgan ishtirokchilarning koʻpligi boʻldi. A. Lixachevning soʻzlariga koʻra, u yerda atom texnologiyalarini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud.

Foto: “Xalq soʻzi”

Alohida qayd etilishicha, anjuman davomida foydalanilgan barcha energiya manbalari uglerodsiz — “yashil” boʻlib, tadbirning: “Toza energetika: kelajakni birgalikda qurish yoʻlida” degan shioriga hamohang boʻldi. Aynan shunday, hamkorlikda biz ekologik va energetik kelajakni qura olamiz, deb xulosa qildi “Rosatom” bosh direktori.

Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossi aytib oʻtganidek, u Rossiya tomonidan turli mamlakatlar — Turkiya, Misr va Bangladeshda roʻyobga chiqarilayotgan loyihalar bilan tanishish imkoniga ega boʻldi. Bu xalqaro miqyosdagi loyihalar boʻlib, ular innovatsion texnologiyalar rivojiga asoslangandir. Notiq, shuningdek, MAGATE soha boʻyicha muhim tadbirlarda doimo ishtirok etishini, “ATOMEKSPO” ham shulardan biri ekanini aytib oʻtdi.

Anjumanning ochilish marosimi doirasida Rossiya Federatsiyasining Tomsk viloyati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish tashkil etildi. Viloyatning Seversk shahrida “Prorыv” (“Yorib oʻtish”) loyihasini qurish maydonchasi joylashgan boʻlib, u IV avlod energokompleksi sifatida dunyo boʻyicha birinchisidir. Toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali kuzatib turilganida, modulning fabrikatsiyasi va refabrikatsiyasi yadro yoqilgʻisini ishlab chiqarishga texnik jihatdan tayyor ekanligi tasdiqlandi.

Tadbirning yana bir muhim voqeasi yalpi sessiya boʻlib, uning mavzusi “Toza energetika: kelajakni birga qurish uchun”, degan shior bilan hamohangdir.

Unda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va hukumat raisi Mixail Mishustinning tabriklari oʻqib eshittirildi.

Ayni vaqtda atom texnologiyalarining rivojiga xalaqit berayotgan omillardan biri — sohaning oʻta siyosiylashtirilganidir. Bu haqda gapirar ekan, Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto shuni taʼkidladiki, energetika boʻyicha bahslar real voqelikka asoslanishi lozim. “Biz faqat ilmiy va iqtisodiy tadqiqot hamda maqsadlarga tayanishimiz lozim”, — dedi u.

Foto: “Xalq soʻzi”

Anʼanaga koʻra, “ATOMEKSPO” doirasida muhim hamkorlik kelishuvlarni imzolash marosimlari ham boʻlib oʻtadi. Forumning butun tarixi davomida bunday kelishuvlar soni 500 tadan ortgan, qiymati esa 63 milliard dollarga teng.

“Rosatom” Davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Kirill Komarov oʻz chiqishida turli mamlakatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham, yadro energetikasini rivojlantirish uchun ilmiy baza naqadar muhimligini aytib oʻtdi. Oʻzbekistondagi birinchi AESni ikkita “3+” avlod reaktori bazasida qurish boʻyicha loyiha bir necha yildan buyon muhokama qilinmoqda. Va uning soʻzlariga koʻra, bu loyihani roʻyobga chiqarish uchun eng muhim ishlarni bajarishga erishildi.

— Bizning Oʻzbekistondagi faoliyatimiz mutaxassis tayyorlashdan boshlandi. Toshkentda Milliy tadqiqot yadro universiteti (MIFI) filiali ochildi. Bu yil ushbu oliygohdan ikkinchi bitiruvchilar chiqadi. Yaʼni, Oʻzbekistonda atom energetikasi nima ekanini biladigan va bunday texnologiyalar bilan shugʻullanishga qodir yoshlar yetishib chiqyapti.

Qurilishi moʻljallanayotgan atom stansiyasi haqidagi tafsilotlar haqida jurnalistlarga soʻzlab berar ekan, K. Komarov shuni taʼkidladiki, “Rosatom”ning mutaxassislari stansiya quriladigan maydonchani sinchiklab oʻrgandilar, shuningdek, nafaqat rossiyalik, balki boshqa mamlakatlardan kelgan olimlar bilan ham eng maqbul yechimlarni muhokama qilishdi. Misol uchun, Oʻzbekistonda suv tanqisligini hisobga olgan holda, anʼanaviy gradirnyalar, yaʼni bugʻ hosil qiluvchi ulkan quvurlarni “quruq”lariga almashtirish boʻyicha yechim ham topildi. Bunda Vengriyalik atomchilarning muallifligi haqidagi qaror asos qilib olindi.

— Oʻzbekistondagi birinchi AES nafaqat Rossiya loyihasi boʻladi, unda yana Fransiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarning muhandislari ham ishtirok etishadi, — dedi Kirill Komarov. — Biz loyihani chinakamiga xalqaro loyiha boʻlishi uchun koʻpgina variantlar topdik.

“Rosatom” bosh direktorining birinchi oʻrinbosari loyihani amalga oshirishning boshlanish muddati haqida gapirar ekan, shuni qayd etdiki, bunday holatlarda aniq muddatlarni aytmaslikka harakat qiladi. Negaki, bu oʻta muhim qaror boʻlib, Oʻzbekistonda yaqin yuz yilga moʻljallangan muayyan vaziyat haqida soʻz bormoqda. Bunday holatda barcha mayda masalalarni ham muhokama qilish uchun qoʻshimcha vaqt kerak boʻladi. Shuningdek, u Davlat korporatsiyasi istalgan vaqtda loyihani bajarishga kirishish uchun tayyor ekanligini bildirdi.
Ruslan KENJAYEV,
Mixail MIRZABEKOV,
«Narodnoye slovo» maxsus muxbirlari.
Toshkent — Sochi — Toshkent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер