Charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 19-xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi

15:19 28 Oktyabr 2025 Iqtisodiyot
329 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

2025 yilning 28–30 oktyabr kunlari “O‘zekspomarkaz” MKMda “UzCharmExpoEurAsia–2025” — charm, poyabzal, attorlik, qorako‘l, mo‘yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 19-xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari — Savdo-sanoat palatasi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda Xalq banki hisoblanadi.

“UzCharmExpoEurAsia–2025” — bu ko‘p yillik tajriba, ishonchli sheriklik va muvaffaqiyatli biznes natijalarini birlashtirgan maydon.

Ko‘rgazma o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, ishbilarmonlik portfelini yangi loyihalar bilan boyitish hamda kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, xalqaro brendlarni jalb qilish, soha eksportini kengaytirish va yangi investisiya imkoniyatlarini ochishda ham muhim platforma hisoblanadi.

Bu yilgi ko‘rgazma charm sanoati bo‘yicha Yevroosiyo miqyosidagi eng nufuzli biznes va innovatsiya maydoniga aylandi.

Tadbirda Italiya, Turkiya, Latviya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Pokiston va Mo‘g‘uliston kabi mamlakatlardan kelgan 30 dan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

So‘nggi yetti yilda charm-poyabzal sanoati O‘zbekiston iqtisodiyotining eng faol tarmoqlaridan biriga aylandi. Agar 2017 yilda ishlab chiqarish hajmi 560 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 5,5 trillion so‘mga yetdi.

“Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlar bugun Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida yetakchi o‘rinni egallab, xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulot sifatida tan olinmoqda.

Yil davomida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbarligida soha korxonalari 100 dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etdi.

Ko‘rgazma xalqaro sheriklikni mustahkamlash, yangi eksport yo‘nalishlarini belgilash va texnologik hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ekspozisiyasi alohida pavilonda namoyish etilmoqda.

Joriy yilda ko‘rgazmaga 2000 dan ortiq tashrif buyuruvchi va ishtirokchi kelishi kutilmoqda.

“UzCharmExpoEurAsia–2025” nafaqat kompaniyalar salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyatini yaratadi, balki B2B, G2B va G2G muzokaralar uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘rgazma doirasida biznes muloqotlar, taqdimotlar, yangi hamkorlik kelishuvlari va loyihalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mahsulotlarni xorijga, xususan, Yevropaga yetkazib berishni ko‘paytirish, xalqaro brendlarni jalb qilish, sifat sertifikatlarini joriy etish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?