Skriningni paysalga solmaslik zarur
Fenilketonuriya – irsiy kasallik boʻlib, u respublikamizda yangi tugʻilgan chaqaloqlarning har toʻqqiz mingidan birida uchraydi. Ushbu xastalik bola tugʻilishidan oldin yoki tugʻilishi bilanoq aniqlansa, davolash samara berib, chaqaloq darddan toʻliq forigʻ boʻlishi mumkin. Aks holda...
— Ushbu kasallikning vaqtida aniqlanmasligi, bolaning aqliy zaifligiga olib kelishi, natijada jamiyatda yana bir tugʻma nogiron paydo boʻlishi bilan asoratli, — deydi Navoiy viloyati “Ona va bola” Skrining markazi direktori Mahfuza Hamroyeva. – Tugʻruqxonada chaqaloqlarning tovonidan qon olish orqali, tahlillar yordamida bolada ushbu xastalik bor yoʻqligi aniqlanib, davo choralari qoʻllaniladi.
Navoiy viloyatida har yili yigirma ming nafardan ortiq bola dunyoga keladi. Hayot atalmish buyuk voqelikda yigirma ming umr daftarining oppoq sahifasi ochilib, shuncha oila orzulari gulshanida umid niholi boʻy koʻrsatadi. Har birida oilaning yangi aʼzosi bilan orzulari ham ulgʻayib boradi. Afsuski, bir qator irsiy kasalliklar bola organizmida homiladorlik davridayoq yuqib, baʼzi oilalarga quvonch oʻrniga tashvish keltirishi ham mumkin. Xususan, navbahorlik Qurbonovlar oilasida dunyoga kelgan chaqaloqda tugʻma gipotireoz kasalligi tugʻruqxonadayoq aniqlanib, toʻrt yil davomida olib borilgan muolajalar natijasida jismoniy va aqliy rivojlanishda oʻz tengqurlaridan qolishmasligiga, darddan shifo topishiga erishildi.
— Davolanishi davomida qizimga dori vositalari toʻliq bepul berildi, — deydi uning onasi Shahnoza Qurbonova. – Aniq hisoblaganim yoʻgʻu, lekin chamamda bir necha million soʻmni tashkil etadi. Ochigʻi, buncha mablagʻni topish oilamizni qiyin ahvolga solib qoʻyardi. Ming marta rahmat, mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish dasturi asosida mana shu tashvishlardan qutuldik. Oʻrni kelganda boʻlajak onalarga skrining tadbirlarini paysalga solmaslikni taʼkidlamoqchiman.
Viloyatda Skrining markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida soʻnggi besh yilda irsiy kasalliklar bilan tugʻilish ikki baravarga kamaygan. Ushbu tadbirni Sh. Qurbonov kabi paysalga solish va boshqa muayyan sabablar tufayli esa yil boshidan buyon tugʻilgan chaqaloqlarning 44 nafarida tugʻma gipotireoz hamda 5 nafarida spinal mushak atrofiyasi singari tugʻma nogironlikka mubtalo qiluvchi kasalliklar aniqlangan va davo muolajalari olib borilmoqda.
— Respublikamiz Prezidentining joriy yil 8-sentyabrdagi “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tugʻma hamda irsiy kasalliklarni erta prenatal va neonatal davrda aniqlash, bolalar oʻlimi va tugʻma nogironlikni kamaytirish, tugʻma va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tugʻilishining oldini olishda yangi davrni boshlab beradi, —deya soʻzida davom etadi M. Hamroyeva. – Ushbu qarorda onalik va bolalikni muhofaza qilishning yangi tizimini yaratish bilan birga bepushtlikning oldini olish choralari boʻyicha ham bir qator tadbirlar belgilangan.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, koʻp asrlik milliy qadriyatlarimiz bardavomligini taʼminlashda homilador va emizikli ayollarimizga, uning bagʻrida unayotgan zurriyotga eʼtibor insonni ulugʻlash kabi tamoyillarni oʻzida ifoda etadi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring