Sirli osmon tadqiqoti yoʻlida yana bir qadam
Foto: Халқ сўзи
Allomalari, suyukli shoirimiz soʻzi bilan aytganda, sirli osmon toqiga ilk narvon qoʻygan millatmiz. Buyuk mutafakkir bobolarimiz Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbekning matematika va astronomiyaning rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasi qalblarimizni gʻurur, iftixor tuygʻulariga toʻldiradi.
Afsuski, soʻnggi yillarda “astronomiya” soʻzining oʻzi muomalamizda ahyon-ahyon qoʻllaniladigan boʻlib qoldi. Umumtaʼlim maktablarida esa predmet sifatida oʻrganilishi asossiz ravishda qisqartirilib, insoniyat koinotni tadqiq etishda misli koʻrilmagan marralarni zabt etayotgan bir paytda maktablarimizda astronomiya va aeronavtikani oʻrganish sifati va samaradorligi quruq nazariyadan nariga oʻtmadi.
Shu jihatdan mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti qoshida 200 oʻquvchi oʻrni va 150 oʻrinli turar joyga ega boʻlgan, matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi davlat umumtaʼlim maktab-internatining tashkil etilishi oʻsib kelayotgan yosh avlodni astronomiyani oʻrganish boʻyicha xalqimizning tarixiy anʼanalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarning astronomiya va aeronavtika faoliyati sohasidagi milliy va umumjahon ilm-fanining yangi yutuqlarini oʻrganish va oʻzlashtirishga boʻlgan intilishini ragʻbatlantirishda muhim qadam boʻldi. Shu munosabat bilan Prezidentimizning 2017-yilning 14-sentyabrida qabul qilingan qarorida yoshlarni astronomiya faniga oid yangi avlod adabiyotlari bilan taʼminlash vazifasi soha mutaxassislariga yuklatildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7-martdagi farmoyishida “Astronomiya fanini oʻqitishda zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalanish metodikasi: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazish vazifasi belgilandi.
Navoiy davlat pedagogika institutida boʻlib oʻtgan ushbu ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatimizning yetuk olim va mutaxassislari ishtirok etdi. Ular oʻz maʼruzalarida taʼlim sohasida faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilar, ayniqsa, yosh pedagog kadrlar mutaxassislik fanlarini ilmiy-metodologik jihatdan yuqori saviyada egallashi, ilmiy-tadqiqot ishlarini yuqori darajada amalga oshirishlari, zamonaviy pedagogik hamda innovatsion texnologiyalar asosida dars mashgʻulotlarini tashkil qilishi yuzasidan bir qator takliflarni ilgari surdi.
— Konferensiyada bildirilgan fikr-mulohazalar gʻoyatda dolzarbligi bilan ahamiyatli, — deydi Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, texnika fanlari doktori Bahodir Sobirov. — Bugungi integratsiyalashgan dunyoviy jamiyatda nafaqat respublika olimlari ishtirokida, balki xorijiy olimlar bilan ham fazoviy ilmiy-tadqiqot ishlarini keng yoʻlga qoʻyish zarur. Yosh avlodni buyuk ajdodlarga munosib etib tarbiyalashda ularning ilmiy meroslarini chuqur oʻrganish, oʻquv jarayonini tarixiy va zamonaviy maʼlumotlar asosida namunali tashkil etish, yoshlarga Birinchi va Ikkinchi renessanslarda astronom olimlarimizning oʻrni alohida ekanini tushuntirish, yosh astronom mutaxassislarni ilmiy-tadqiqot ishlariga yoʻnaltirish, oliy pedagogik taʼlim muassasalarida astronomiya fani boʻyicha pedagoglarni yuqori saviyada tayyorlash uchun planetariylar ochish takliflari konferensiya ishtirokchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring