Sirdaryo viloyatida “Maʼnaviyat festivali” boʻlib oʻtmoqda

11:06 12 Oktyabr 2022 Jamiyat
570 0

Foto: Xalq so‘zi

Shu yilning 15-oktyabriga qadar “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” ezgu shiori ostida davom etadigan ushbu festival doirasida sanʼatkorlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, ijodkorlar hamda Kinematografiya agentligining “Kinokarvon” jamoasi ishtirokida aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar, konsert dasturlari va ijodiy uchrashuvlar oʻtkazilayotir.

Kuni kecha poytaxtimizdan tashrif buyurgan xalq artistlari, madaniyat xodimlari va koʻplab taniqli aktyorlar Boyovut, Sayxunobod, Sardoba, Guliston, Xovos, Oqoltin, Mirzaobod, Sirdaryo tumanlarida aholi bilan ijodiy uchrashuvda boʻldi. “Maʼnaviyat karvoni” esa sirdaryoliklarga 7 ming nusxada sovgʻa kitoblar keltirdi.

Shuningdek, “Vatan ostonasi”, “Muhabbat bahori”, “101-reys”, “Meros”, “Ayol qismati”, “Ayol qalbi”, “Baron-2”, “Bir kunlik toʻy” singari yangi kinofilmlarni ham namoyish etish rejalashtirilgan.

— Festival dasturi juda rang-barang, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari Murodjon Hayitov. — Undan mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, gala konsertlar, “Maʼnaviyat kubogi” sport musobaqasi, nogironlar holidan xabar olish, “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi kabi koʻplab tadbirlar oʻrin olgan. Eʼtiborlisi, festival mahallalardan maktablargacha, ishlab chiqarish korxonalaridan dalalargacha - barcha hudud va joylarga kirib boradi.

Uchrashuvlarda aholi, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz ravnaqi va kelajagi uchun daxldorlik hissini yanada kuchaytirish, ularni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiyalash, fuqarolarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga alohida urgʻu berilmoqda.

Ahmadali SHERNAZAROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?