Singapur Oʻzbekiston Prezidentining davlat tashrifini katta qiziqish bilan kutmoqda — Elchi Qahramon Shokirov

19:19 16 Yanvar 2023 Siyosat
925 0

Illyustrativ foto

“Dunyo” AA muxbiri Oʻzbekistonning Singapurdagi elchisi Qahramon Shokirov bilan bugungi kunda Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivoji, hamkorlikni chuqurlashtirish va uning koʻlamlarini kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlari haqida suhbatlashdi.

— Avvalo, Singapurda Oʻzbekiston Prezidentining davlat tashrifiga puxta hozirlik koʻrilganini taʼkidlashni istar edim. Xususan, tashrif arafasida qator yetakchi bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz tarixi, uning nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun Yevroosiyo makonining oʻtmishi va bugungi kunidagi oʻrni, soʻnggi yillarda erishilgan muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan chuqur oʻzgarishlar haqida hikoya qiluvchi qator tahliliy maqolalar eʼlon qilindi. Bularning barchasi mamlakatda oliy darajadagi Oʻzbekiston — Singapur sammitiga hamda Oʻzbekiston bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishga yuqori darajada qiziqishning mavjudligidan  dalolat beradi.

Eslatib oʻtamiz, Singapur Oʻzbekiston mustaqilligini 1992-yil 27-dekabr kuni tan olgan. Mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatiya munosabatlari 1997-yil 8-aprelda oʻrnatilgan boʻlib, 2022-yilda bu muhim voqeaga 25 yil toʻldi. 2007-yildan buyon Singapurda Oʻzbekiston elchixonasi faoliyat koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston bilan Singapur oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar oʻzaro anglashuv va ishonch asosida jadal ravnaq topmoqda. Singapur Oʻzbekistonning demokratik davlat barpo etish, iqtisodiyotni liberallashtirish borasidagi izchil yoʻnalishiga anʼanaviy ravishda birdamlik koʻrsatishda davom etmoqda, yetakchi xalqaro tuzilmalarda mamlakatimiz tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining doimiy almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan, parlament aʼzolari oʻrtasidagi maslahatlashuvlar qoʻllab-quvvatlanmoqda, tahlil markazlari va institutlar ishtirokida davra suhbatlari va seminarlar muntazam ravishda oʻtkazilmoqda.

Ishbilarmon doiralar, sayyohlik kompaniyalari vakillari Oʻzbekiston va Singapurda tashkil etilayotgan xalqaro sarmoyaviy, iqtisodiy va sayyohlik forumlari va koʻrgazmalarda faol ishtirok etmoqda.

Aminmanki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga yangi kuchli surʼat bagʻishlaydi, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Soʻnggi yillar mobaynida mamlakatimizda hayotga tadbiq etilayotgan, tashqi iqtisodiy siyosatni yanada liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, tarmoqlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishga qaratilgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar keyingi olti yilda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning sezilarli darajada faollashuvini belgilab berdi.

Ayni paytda Singapur kompaniyalari maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Bugun oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilari Singapurda ishlab chiqilgan maxsus multimodal dasturlar boʻyicha aniq fanlarni oʻrganish imkoniyatiga ega.

2021-yilda Toshkentda Singapurning ikkinchi universiteti — “TMC Institute” ochildi.  Bu yerda oʻzbekistonlik talabalar axborot texnologiyalari, logistika, biznes menejmenti, turizm va mehmonxona boshqaruvi, buxgalteriya hisobi kabi sohalarda bilim olmoqda.

Shu bilan birga, Singapur kompaniyalari toʻqimachilik va kimyo sanoatida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy qishloq xoʻjaligi klasterlarini yaratish, shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat korxonalari uchun yirik temir konstruksiyalar qurish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo munosabatlarini yoʻlga qoʻyishda ishtirok etmoqda.

Muqobil energiya manbalari, transport logistikasini rivojlantirish, innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yangi metro liniyalarini loyihalash va qurish, mavjud xalqaro aeroportlarni boshqarish va yangilarini barpo etish, zamonaviy shaharsozlik  infratuzilmalari, taʼlim va boshqa sohalarda master-rejalar yaratish boʻyicha yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Shu bilan birga, jahon sivilizatsiyasining eng qadimiy tarixiy-madaniy yodgorliklari, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi  ochiq osmon ostidagi muzey-shaharlar bilan yaqindan tanishish uchun sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirish maqsadida Singapurda Oʻzbekistonning turizm brendini targʻib qilish boʻyicha faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston investorlarni jalb qilish, raqamli va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha Singapurning noyob tajribasi, innovatsiyalarini qoʻllashdan manfaatdor. Oʻz navbatida, savdo-sarmoyaviy hamkorlikni, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida oʻzaro aloqalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston Singapur uchun ham istiqbolli yoʻnalish hisoblanadi. Mamlakatlarimiz barcha yoʻnalishlarda oʻzaro munosabatlarni kengaytirish uchun foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, oliy darajadagi muloqotni yanada faollashtirish ikki mamlakat xalqlarining farovonligiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?