Shoirlarni alqaydi vatan!

Yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan davrda navqiron avlod kelajagi uchun koʻplab imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilishiga puxta zamin hozirlanmoqdaki, yosh ijodkorlarni izlab topish, ularning isteʼdodlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan koʻplab maʼnaviy- maʼrifiy tadbirlar, koʻrik tanlovlarning ahamiyati beqiyosdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Isteʼdod maktabi” Respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy “Zomin seminari” joriy yilning 5-iyul kunidan navbatdagi mavsumni yakunladi.
Koʻhna Zomin tumanining Oʻriklisoy darasida har yili oʻtkaziladigan anjumanda milliy adabiyotimizning yetuk adiblaridan uch kun davomida mahorat saboqlari olgan ijodkor yoshlarning hayratlari, shodliklari oʻzgacha.
Seminar davomida Oʻzbekiston Qahramoni, taniqli munaqqid Ibrohim Gʻafurov bilan boʻlgan ijodiy uchrashuv, Oʻzbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Usmon Azim, Mahmud Toir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari Eshqobil Shukur, Munavvara Usmonova, Rustam Musurmon, Umida Abduazimova, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Halila Davletnazarov, taniqli shoirlar Nikolay Ilin, Aziz Said, Orif Toʻxtashlardan sheʼr ilmi saboqlarini olishgan boʻlsa, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Kengesboy Karimov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Abduqayum Yoʻldoshev, taniqli yozuvchilar Shoyim Boʻtayev, Nurilla Chori, Uygʻun Roʻziyevlardan nasr yoʻnalishining sir-sinoatlari haqida bilimlarga ega boʻlishdi.
Adabiyotshunos olimlar Qozoqboy Yoʻldoshev, Suvon Meli va Nurboy Jabborovlarning adabiy tanqid haqidagi falsafiy qarashlari, oʻgitlari boʻlajak munaqqidlar oldiga adabiyot nima, uning tahlili, talqini qanday boʻlishi kerak, kabi oʻylantiruvchi savollarni qoʻydiki, yosh munaqqidlar Vatan adabiyoti oldidagi ulkan, zalvorli masʼuliyatni yanada teranroq anglab yetdilar, nazarimizda.
Ayniqsa, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovning yoshlarga qarata aytgan quyidagi gaplari yosh avlodga qaratilgan umid va ishonch tuygʻularining salmogʻi va zalvarini yanada teranroq anglatganday boʻldi:
“Bu adabiy anjuman, tarixiy, adabiy, insoniy, ijodiy qimmatga ega. Chunki hammalaringizning qalbingizda birinchi kitoblaringiz, birinchi dostonlaringiz, birinchi hikoyalaringiz, hozir jaranglab turibdi. Men buni his qilib turibman.
Kecha, bugun bu yerda juda katta ulugʻ ijodiy ruh – sizning oʻqiyotgan, muhokama qilinayotgan asarlaringiz tufayli oʻzbekning ijodiy ruhi – Navoiylarning, Sakkokiylar, Lutfiylar, Atoiylarning, Boburlarning ruhi kezib yuribdi sizning qiyofangizda, sizning qadamingizda, sizning nafaslaringizda.
Nima uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sizlarning qiyofangizda Oʻzbekistonning kelajagini va najotini koʻrayapti? Bular quruq gap emas. Bu soʻzlar “Oʻzbekistonning kelajagi, Oʻzbekistonning najoti, Oʻzbekistonning koʻrar koʻzi, Oʻzbekistonning eshitar qulogʻi, Oʻzbekistonning urib turgan yuragi”, degan soʻzlar siz uchun aytilgan va siz bundan keyin qoʻyadigan har bir qadamlaringizda, ijodiy yoʻllaringizda buni isbotlab, xalqimizga qadamba-qadam tuhfa qilib borasiz”.
Tarjima borasidagi mahorat darslarida ham ayon boʻldiki, bugungi yoshlar bu jarayonga dadil kirib kelmoqdalar.
— Kuzatishlarim shuni koʻrsatmoqdaki, bugun yurtimizda yosh mutarjimlar soni tobora koʻpayib bormoqda, bu juda quvonarli holat, albatta. Ularning koʻpchiligi chet el adabiyotidan oʻzbek tiliga tarjimalar qilayotgani holda oʻzbek adabiyoti namunalarini jahon tillariga tarjima qiluvchi yosh ijodkorlar soni ham ortib borayotgani undanda koʻproq mamnun etadi, — deydi tarjima yoʻnalishidagi hakamlar hayʼati aʼzosi, badiiy tarjimon Begoyim Xolbekova. — Bu yil seminarda qatnashayotgan yoshlarning intilishlari, izlanishlari tahsinga loyiq. Toʻgʻri, ularning tarjimalarida juzʼiy kamchilik va nuqsonlar yetarlicha, ammo ulardagi jurʼat, yoshlik shijoati havas qiladigan darajada baland. Shu shijoat tark etmasa, ulardan kelajakda yetuk mutarjimlar yetishib chiqishiga shubha yoʻq.
Shuningdek, ustoz tarjimonlarning oʻgitlarini jon qulogʻi bilan tinglayotgan, oʻz fikr va mulohazalarini tortinmay bayon qilayotgan yoshlardan biri, Andijon davlat chet tillari instituti magistri Abdullajon Roʻziyevga Zomin seminari haqidagi taassurotlari bilan boʻlishdi.
— Men Zomin togʻlari, deganda doimiy koʻrib odatlanganim – Andijon va Toshkent oraligʻidagi koʻzga tashlanadigan togʻlar qiyofasini tasavvur qilar edim. Zominga kelgach, koʻrdim-ki, adabiy anjuman uchun bekorga bu yer tanlanmagan ekanligini angladim. Bu yerlarning tabiati oʻzgacha fusunli, havosi nihoyatda musaffo ekan. Oʻriklisoyning tiniq mavjlarida adabiyotga oshno dillarning begʻubor, begidir jilvalari toʻlqinlanayotgandek taassurot uygʻotadi. Bu yerda ijod ahli huzurlanib ijod qilishi uchun ilohiy ruh kezib yurganday goʻyo.
Seminarning eng muhim jihatlaridan biri taniqli ustoz adiblarning saboqlari boʻldi. Universitetdagi odatiy darslardan farqli oʻlaroq, bu yerda ustozlar har bir ishtirokchi ijodi ustida kengroq fikr yuritib, yutuqlarimiz, xato va kamchiliklarimiz tahlil qilindi, bilmaganlarimiz bildirildi, hali oʻz ustimizda yana koʻp va xoʻp ishlashimiz kerakligini angladik.
Men biz uchun mana shunday ijodiy maktab boʻlgan anjuman tom maʼnoda yuksak parvozlar sari chorlagani uchun minnatdorman. Oʻz bilimimizga, ijodiy kuchimizga ishonch tuygʻusini yanada mustahkamladi”.
Darhaqiqat, bu yerga toʻplangan yoshlarning chanqoq nigohlarida, charaqlagan koʻzlariyu, yaraqlagan yuzlarida mamnunlik barq urib turardi.
Seminarning tantanali yopilish marosimida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Xalq banki” Respublika boshqarmasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, va Jizzax viloyat hokimligi tomonidan ishtirokchilarga seminar statuetkasi, sertifikat, soʻnggi rusumdagi telefon, pul mukofotlari va kitoblar jamlanmasi topshirildi.
***
Ijod ahliga nima kerak?..
Baland koʻngil va joʻshqin ilhom bulogʻi kerak.
Zominning ulugʻvor togʻlari bagʻrida, yam-yashil archazorlarning xushboʻy tarovatida, Oʻriklisoyning sharqirab oqayotgan zilol suvlari mavjlarida ana shu manba yashirindek, goʻyo…
Seminar ishtirokchilarining koʻzlaridagi hayrat va soʻzlaridagi qudrat yoshlik shiddatiyu nafosatiga hamohang tarzda jaranglaganiga guvoh koʻngillardan shunday oʻylar oʻtsa, ne ajab.
Ha, adashmadingiz, “Zomin maktabi” deb nom olgan, yil sayin yosh shoir va yozuvchilarni kashf etayotgan, ularga qanot berayotgan – Respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy Zomin seminari ezgu soʻz aytishga chogʻlanib, qoʻliga qalam tutgan yosh qalamkashlarni yuragiga quloq tutdi.
Oʻriklisoy mavjlariga uygʻun qalblardan sheʼrlar qoʻshiqday yangradi. Zominning ulugʻvor togʻlaridan qalblar yuksaldi, koʻngillar soyning tiniq suvlaridek poklandi.
Jannatmonand oʻlkaning zilol buloqlaridan toʻyingan yosh koʻngillar kelajak uylarini qurish uchun nurli manzillar sari yoʻl oldilar.
Ha, aytganday, kech payti telefon qoʻngʻirogʻi boʻlib qoldi. Qarasam, viloyatimizning Baxmal tumanidan seminarda ishtirok etgan yosh publitsist Ozoda Habibullayeva ekan.
— Ustoz, uyga bir olam sovgʻalar bilan kirib keldim, — deydi u hayajon bilan. –– Bizga berilgan sovgʻalar orasida pul mukofoti ham borligi nur ustiga aʼlo nur boʻlibdi. Men uyga qaytayotib, Jizzax shahridagi doʻkonga kirib, mukofotga olgan pulimga changyutgich sotib oldim. Yosh roʻzgʻor boʻlganimiz uchun hech shunga pul yetkiza olmayotgandik. Koʻnglimdagi uncha-muncha gʻuborlar Zomin havosida yuvilib ketgan boʻlsa, endi uyim ham chang-gʻuborlardan yanada forigʻ boʻladigan boʻldi.
Goʻshak ortidagi hayajonli ovozdan taralayotgan nur toʻlqinlari mening ham yuragimga tutashib ketdi, goʻyo…
Mehribon ABDURAHMONOVA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring