“Shirin shahri — “Gullar festivali” yoʻnalishida avtoqatnov amalga oshirilmoqda

16:55 09 Iyun 2025 Jamiyat
247 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Namanganda anʼanaviy “Gullar festivali” boshlanibdiki, Sirdaryo viloyatining turli hududlaridan, xususan, Shirin shahri hamda Xovos tumanida yashovchi oʻnlab yurtdoshlarimiz ushbu nafosatli festivalni tomosha qilishga uzluksiz borib kelmoqda.

Ushbu sayohat uchun hech qanday targʻibot yoki reklama qilinayotgani yoʻq. Hamma oʻz xohishicha, yaʼni “Gullar festivali” goʻzalliklaridan, musiqiy dasturlardan zavq olish, koʻrkam Namangan viloyatining betakror manzaralarini tomosha qilish uchun ana shu safarga chiqmoqda. Albatta, bularning bari Namanganda oʻtkazib kelinayotgan “Gullar festivali”ning ichki turizmni rivojlantirishdagi ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.

— “Gullar festivali”ga bir guruh yaqinlarim bilan birga keldim, —deydi Xovos tumanining Qoraqum mahallasi Fayzobod qishlogʻida yashovchi uy bekasi Gulnora Doʻsmurodova. — Hali festival boʻlayotgan hududga yetmasdanoq Namangan viloyati va Namangan shahridagi ulkan oʻzgarishlar — obod va fayzli mahallalar, saxovatli bogʻ-u dalalar, juda keng koʻlamdagi bunyodkorlik samaralari bizda juda katta taassurot qoldirdi. “Gullar festivali” boʻylab va shahar atrofidagi xushmanzara manzillarga sayr-u sayohat qildik. Festivalning oqshomgi musiqiy dasturidan ham olam-olam zavq oldik. Kuzatishimcha, biz kabi yurtimizning boshqa hududlaridan festival tomoshasiga kelganlar juda koʻp ekan. Shu bilan birga, xorijliklar ham. Ha, aytgandek, bizdan keyin bir guruh qoʻshnilarimiz ham festivalga borishni moʻljallagan. Ular ham biz kabi qishlogʻimizga tutash boʻlgan Shirin shahrining Nurobod mahallasidan toʻgʻridan-toʻgʻri Namanganga, aynan “Gullar festivali”ga qatnovi yoʻlga qoʻyilgan har jihatdan qulay va arzon taksi xizmatidan foydalanadi.

Eʼtiborlisi, yil sayin “Gullar festivali”ga boʻlgani kabi yurtimizning tarixiy shaharlari, goʻzal tabiatli manzillari va ziyoratgohlariga sayohatlar koʻlami va hajmi ortib bormoqda. Bu, avvalo, xalqimizning turmush farovonligi yanada oshib borayotgani ifodasi va albatta, yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning samarasidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер