Shimoliy Koreyaning sirli harakati, BMTning Gʻazo uchun muhim qarori va Yerevanda yana namoyish (+video)
Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida
Gʻazodagi vaziyat
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi AQSH taklif qilgan Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish rejasini qoʻllab-quvvatlash uchun ovoz berdi. Xavfsizlik kengashining 15 aʼzosidan 14 tasi AQSH tomonidan ishlab chiqilgan rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan. Rossiya betaraf qoldi.
Kelishuvni Isroil qabul qilgani va HAMASni ham bunga rozi boʻlishga chaqirilgan. Guruh doimiy otashkesimga erishish va Isroilning Gʻazo sektoridan toʻliq chiqib ketishi uchun kafolat talab qilishi mumkin.
Reja uch qismdan iborat boʻlib, birinchi bosqichda garovga olingan mahbuslarni almashish, qisqa muddatli otashkesimga erishish yotadi. Rezolyutsiyasiga koʻra, ikkinchi bosqich harbiy harakatlarni doimiy toʻxtatish va Isroil askarlarining Gʻazodan toʻliq chiqib ketishini taʼminlaydi. Shuningdek, soʻnggi bosqichda Gʻazoni qayta tiklash ishlarini olib borishdan iboratdir.
Xavfsizlik Kengashidagi ovoz berish AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashuvidan soʻng qabul qilingan. Kotib ayni shu maqsadda 10-iyun kuni Yaqin Sharqqa yoʻl olgan edi. Shuningdek, uning Iordaniya, Qatar va Misr rahbarlari bilan uchrashuvi rejalangan. Bu diplomatning bir necha oy ichida mintaqaga sakkizinchi tashrifi boʻldi.
Vladimir Putin ikki davlatga tashrif buyuradi
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kelasi hafta Shimoliy Koreya va Vyetnamga tashrif buyuradi. Putin oʻzaro hisob-kitoblar muammosini hal etish va turistlar oqimini yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qilishi aytilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, prezidentning Vyetnamga tashrifi KXDRga safaridan soʻng amalga oshirilishi mumkin. Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchisi Aleksandr Matsegora “Vedomosti”ga Rossiya rahbarining Pxenyanga tashrifini tasdiqlab, faol tayyorgarlik ketayotganini maʼlum qilgan.
Putin Shimoliy Koreyaga birinchi marta 2000-yilning 19-20-iyul kunlari tashrif buyurgan. Oʻshanda KXDR rahbari Kim Chen Ir bilan uchrashgan edi. Shimoliy Koreyaning amaldagi rahbari Kim Chen In oxirgi marta 2023-yilning 12-17-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyaga tashrif buyurgani maʼlum.
26-mart kuni “Vyetnamnet” internet gazetasi xabariga koʻra, Markaziy qoʻmita bosh kotibi Nguyen Phu Trong Putin bilan telefon orqali suhbatda uni Vyetnamga rasmiy tashrif bilan taklif qilgan. Putin prezidentlik davrida ushbu davlatga toʻrt marta tashrif buyurgan. Uning Vyetnamga soʻnggi rasmiy tashrifi 2013-yilning noyabrida boʻlgan edi.
Janubiy Afrikada marixuana yetishtirish qonuniylashtirildi
27-may kuni boʻlib oʻtgan umumiy saylovlardan keyin mamlakatning giyohvand moddalarga oid qonunlariga qator oʻzgartirishlar kiritildi. Endi janubiy afrikaliklar uchun kannabis yetishtirish va undan foydalanish qonuniy boʻldi. Keyingi qadam ushbu oʻsimlik moddasining savdosini qonuniy qilishdir. Prezident Kiril Ramafosa ushbu qonunni imzolaganidan keyin marixuanadan foydalanishni qonuniylashtirgan birinchi Afrika davlatiga aylandi.
Shuningdek, shu vaqtga qadar kannabis qonunbuzarligi bilan ayblangan shaxslarning jinoyatlar tarixi oʻchiriladi. 2022-yil holatiga koʻra, mamlakatda kannabis bilan bogʻliq jinoyatlari uchun qamoqqa olingan 3 ming nafar mahbus qachon ozod qilinishi maʼlum emas.
Malta, Kanada va Urugvay kabi marixuanani qonuniylashtirgan boshqa mamlakatlardan farqli oʻlaroq Janubiy Afrikada dorivor vosita sifatida yoki shifokor tavsiyasi boʻlmasa, uni sotib olish noqonuniy boʻlib qoladi.
Shimoliy Koreya chegarada sirli harakatlar olib bormoqda
Sunʼiy yoʻldoshdan olingan soʻnggi tasvirlarda Shimoliy Koreya armiyasining Janubiy Koreya bilan shartnomaga koʻra qurolsizlantirilgan hududda pozitsiyalarni egallayotgani aks etgan. Bu haqda “NewsWeek” nashri xabar berdi.
Taxminlarga koʻra, Shimoliy Koreya uzunligi deyarli 3 kilometrga choʻzilgan quruqlikdagi chegarani armiyani joylashtirish maqsadida tozalagan. “Planet Labs” tomonidan “NewsWeek”ga taqdim etilgan tasvirlar shimolliklarning kamida toʻrtta yangi hududda oʻz armiyasini joylashtirishga intilayotganini koʻrish mumkin.
Avvalroq, Janubiy Koreya OAVlari chegara postida istehkomlar qurayotgan 30 nafarga yaqin askar suratlarini chop etgandi. Yangi sunʼiy yoʻldosh tasvirlari esa bu qurilish masshtabi kengroq ekanligini koʻrsatmoqda.
Shimoliy Koreyaning ushbu harakatining aniq sabablari nomaʼlum.
Jorj Vashington universiteti professori Immanuel Kimning aytishicha, chegara hududidagi bunday tozalash ishlari Shimoliy Koreya qoʻshinlariga chegarani yanada samarali kuzatishga yordam beradi. Ochiq yerlar, shuningdek, harbiy xizmatchilar va transport vositalarining tezroq hamda samarali harakatlanishiga zamin yaratadi.
Armanistonda 4 kunlik namoyish boshlandi
Armaniston markaziy koʻchalaridagi namoyishlar bir muddat tanaffus olganidan soʻng yakshanba kuni yana boshlandi. Shuningdek, dushanba ish kuni boʻlishiga qaramasdan Yerevandagi Armaniston parlamenti oldida namoyishchilar yigʻildi. Ular Bosh vazir Nikol Pashinyanning isteʼfosini talab qilmoqda.
Norozilik namoyishlarining asosiy sababi, oʻtgan oy toʻrtta qishloq Armaniston tomonidan Bokuga qaytarilgan. Ushbu qishloqlar Ozarbayjon hududi boʻlib, 1990-yillarda Armanistonga oʻtib ketgan.
Pashinyan hududlarning qaytarilishi keyingi urushning oldini olish uchun muhim omil boʻlishini aytsa-da, muxoliflar buni xiyonat deb hisoblamoqda.
Bizni “Xalq soʻzi”ning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida kuzatib boring!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring