SHHT Samarqand sammitining oʻziga xos xususiyatlari nimalarda aks etdi?

20:09 21 Sentyabr 2022 Jamiyat
897 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand shahrida yirik xalqaro anjuman – Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti boʻlib oʻtganligidan xabaringiz bor. Mazkur xalqaro tadbirning mamlakatimiz, qolaversa, Tashkilotga aʼzo hamda kuzatuvchi davlatlarning hamkorlik aloqalarida tutgan oʻrni, Samarqand sammitining oʻziga xos xususiyatlari nimalarda aks etadi? 

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti — eng yosh tuzilmalardan biri boʻlib, oʻtgan davr mobaynida ushbu tashkilot maslahat mexanizmi formatidan, bugungi kunga kelib, keng qamrovli davlatlararo birlashmagacha boʻlgan darajaga yuksaldi, desak boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgach, asosiy eʼtiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Sammit davomida dunyoning diqqat-eʼtibori mamlakatimizga qaratildi. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik 500 dan ortiq OAV xodimlari tomonidan dunyoning barcha telekanallarida va ijtimoiy tarmoqlarida “Oʻzbekiston”, “Samarqand” atamalari baralla yangradi. Qolaversa, butun dunyoda Yevrosiyo yetakchi davlatlari rahbarlarining sammitdagi uchrashuviga qiziqishlari ortdi.

Oʻzbekiston mamlakati, jumladan, Samarqand tom maʼnoda jahon siyosatining markaziga aylandi. Negaki, sammit tashkilotga aʼzo mamlakatlar manfaatlariga bevosita taʼsir koʻrsatadigan, mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga, umuman olganda, dunyoda sodir boʻlayotgan jarayonlarga taʼsir koʻrsatadigan mutlaqo yangi sharoitlarda oʻtkazildi.

Shunisi muhimki, mamlakatimiz nafaqat sammitning oʻziga mezbonlik qildi, balki uning doirasida koʻplab: ikki-uch, hatto toʻrt tomonlama uchrashuvlar doirasida kelishuvlar imzolandi. Bu esa, ulugʻvor maqsadlarni oldiga qoʻygan nafaqat Yangi Oʻzbekiston mamlakatiga, balki jahon siyosatiga ham katta taʼsir qiladi. Ana shuning uchun ham Samarqand sammiti tarixiy hodisa sifatida muhim ahamiyatga ega boʻldi.

SHHT sammiti oldingilaridan nimasi bilan farqlandi degan savolga ikkilanmasdan Samarqanddagi sammit SHHT doirasida oʻtkazilgan eng yirik va eng nufuzli siyosiy tadbirga aylandi, deyish mumkin.

SHHT tarixida ilk bor sammitda 14 ta davlat yetakchilari va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. Oʻzbekiston Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Kaspiy dengizi mintaqasi davlatlari rahbarlarini bir maydonga toʻpladi.

Ular doʻstona muhitda “yuzma-yuz” muloqot qilish imkoniga ega boʻlishdi. SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari norasmiy sharoitda umumiy dasturxon atrofida suhbat oʻtkazayotgan fotosuratini hamma koʻrgan boʻlsa kerak. Oʻylaymanki, bu fotosurat sammit boʻlib oʻtgan ishonchli kayfiyat va muhitni juda yaqqol aks ettirdi.

Samarqand sammiti SHHT nafaqat eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri boʻlib qolayotganini, balki oʻzining asosiy tamoyillari – bloklardan tashqari maqom, uchinchi davlatlarga qarshi turmaslik, ochiqlik, konsensus, ishonch, oʻzaro manfaatdorlik, tenglik va oʻzaro hurmatga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi.

Oʻzbekiston Prezidentining SHHT “tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yoʻlida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli boʻlgan jozibador makonga aylanishi lozim”ligi haqidagi murojaati ham oʻz tasdigʻini topdi.

Samarqand sammitining eng muhim jihatlardan biri shundaki, ishtirokchi davlatlar tomonidan bugungi kundagi energetika va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi tanazzulning kuchayishi, mavjud logistika yoʻnalishlari va taʼminot zanjirlarining uzilishi, sayyoramizdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashib borayotganini asosiy diqqat markazida tutishdi.

Sammit doirasida 40 dan ortiq hujjat imzolangan boʻlib, ularning aksariyati Oʻzbekiston tomoni tashabbusi bilan tuzilgan va strategik ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy hujjatlar desak boʻladi.

Samarqand sammitida qabul qilingan qarorlar chinakam yutuq boʻlib, ular Shanhay hamkorlik tashkilotini kelgusi oʻnlab yillar davomida rivojlantirishning muhim vektorlari boʻlib xizmat qiluvchi yangi strategik yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Masalan, strategik hujjatlardan SHHTga aʼzo davlatlarning Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha 2023-2027-yillarga moʻljallangan kompleks rejasi, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga munosabat boʻyicha SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Qoʻshma bayonoti oʻrin oldi.

Bundan tashqari, SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida Oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash va samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha hamkorlik konsepsiyalari imzolandi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Hududlararo savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi hamda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda hamkorlik qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

SHHTning kutilayotgan kengayishi Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar bilan muloqotda SHHTga sherik maqomini berish toʻgʻrisidagi memorandumlarni imzolash orqali amalga oshirildi. Bundan tashqari, SHHT va qator xalqaro tashkilotlar oʻrtasida rasmiy aloqalar oʻrnatildi. Ular orasida YUNESKO, ADL, ESKATO kabilar ham bor.

«Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy» temir yoʻli qurilishi loyihasi boʻyicha uch tomonlama bitim imzolangani ham muhim ahamiyat kasb etdi. Loyiha oʻz qarorini 20 yil kutgan edi. Ushbu ulugʻvor loyihaning amalga oshirilishi Ikkinchi kontinental transport koʻprigining janubiy yoʻlagini yaratish bilan birga, uch mamlakat ishlab chiqaruvchilari uchun yangi mahsulotlar bozorlarini ham ochib beradi. Yoʻl qurilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari transport infratuzilmasini rivojlantirishni, Fors koʻrfazi va Tinch okeani portlariga qulay chiqishlarini taʼminlaydi.

Samarqand sammiti doirasida ikki va koʻp tomonlama shakllarda oʻtkazilgan muzokaralar sonini ham alohida taʼkidlab oʻtmaslikning iloji yoʻq. Ushbu uchrashuvlar davomida ishtirokchilar bir qator global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamligi tashabbusi” ushbu sammitning asosiy voqeasi sifatida eʼtirof etildi. Davlatimiz rahbarining ushbu taklifi Samarqand sammiti arafasida eʼlon qilingan dasturiy maqolasining mantiqiy davomi boʻldi.

Darhaqiqat, Samarqand tashabbusini uning maqolasida belgilab berilgan zamonaviy dunyo tartibining asosiy chaqiriqlari va muammolariga oʻziga xos javob, deyish mumkin. Shuning uchun, bu tashabbus ana shunday eʼtibor tortgani va ekspertlar muhokamasi markazidaligi tabiiy.

Samarqand tashabbusining ahamiyati, birinchi navbatda, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda uning dolzarbligi. Jahon miqyosida ishonch va oʻzaro begonalashish inqirozi kuchayib borayotgan bugungi kunda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan “umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, kelishmovchiliklarga qaramay, kelishilgan yondashuvlar va yechimlarni izlashga tayyor boʻlgan” barchani konstruktiv muloqotga jalb etish muhim, deya taʼkidlanadi.

Bundan tashqari, Samarqand tashabbusining yana bir oʻziga xosligi shundaki, ilk bor bugungi kunning dolzarb masalalari boʻyicha hali oʻxshashi boʻlmagan global muloqot maydonini shakllantirish masalasi taklif etildi.

Yaʼni, iqtisodiyoti, geografiyasi, kattaligi, madaniyati turlicha boʻlgan davlatlar va xalqlarni birlashtira oladigan maydon. Bu maydon ularni birgalikda mulohaza yuritish, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni yanada taʼminlash uchun yangi yondashuvlarni izlash maqsadida birlashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Aytish mumkinki, SHHT doirasidagi oʻzaro hamkorlikning muvaffaqiyatli modeli jahon darajasiga koʻtarilib, xalqaro hamkorlikning yangi formati uchun asos boʻldi.

Darhaqiqat, mazkur sammit geosiyosiy raqobat, madaniy va qadriyatlar nizolari, milliy xudbinlik va mafkuraviy tarafkashlikdan xoli yangi xalqaro muloqot boʻldi, desak toʻgʻri boʻladi.

Mazkur sammitning Orolboʻyida istiqomat qilayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash va hududni rivojlantirishda ham muhim oʻrni bor albatta. Mamlakatimizda boʻlib oʻtgan muhtasham sammit doirasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, turizm, atrof-muhit muhofazasiga oid qabul qilingan hamda imzolangan tarixiy hujjatlar Yangi Oʻzbekiston tarkibida dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Yangi Qoraqalpogʻiston uchun ham juda katta amaliy ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Taʼkidlash joiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Orolboʻyi hududida hamda ayni paytda ekologik fojianing qoq markazida joylashgan hudud hisoblanadi. Mazkur ekologik krizisning salbiy oqibatlarini yumshatish, aholining salomatligini muhofaza qilish, hududda yangi sanoat-kooperatsiyalarini koʻpaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali Orolboʻyi aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishlarda SHHTga aʼzo, shuningdek, kuzatuvchi va hamkor davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar, albatta, oʻzining samarali natijasini berishi, shubhasizdir. 

Prezidentimiz sammitda soʻzlagan nutqida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida kelgusida tizimli ravishda universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qoʻshma sport tadbirlari va universiadalar singari qoʻshma formatlarni taʼsis etish zarurligi toʻgʻrisida oʻz takliflarini bildirib oʻtdi va bu takliflar  qoʻllab-quvvatlandi.

Hozirgi kunda institutimiz dunyoning 50 ga yaqin yetakchi oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan boʻlsa, ularning aksariyati SHHTga aʼzo va hamkor boʻlgan Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Pokiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning ilmiy-tadqiqot markazlari hisoblanadi. Sammit doirasida qabul qilingan hujjatlar esa, bizning ayni yoʻnalishdagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashda, yoshlarimizni Vatanimizning buyuk kelajagi yoʻlida yetuk mutaxassis boʻlib, Yangi Oʻzbekiston, Yangi Qoraqalpogʻistonni qurishga qodir boʻlgan raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishishida muhim zamin boʻlishiga ishonamiz.

Quvondiq Qodirov,

Nukus davlat pedagogika instituti prorektori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?