Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi yakunlandi

19:15 09 Avgust 2024 Siyosat
366 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Respublikasiga davlat tashrifi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti doirasidagi tadbirlar yakunlandi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Ostona shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston yetakchilari tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini oʻtkazdilar. Ikki tomonlama hujjatlar toʻplami qabul qilindi. Qoʻshma loyihalarni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbariga Oʻzbekiston-Qozogʻiston doʻstligini mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun oʻz mamlakatining oliy davlat mukofoti - “Oltin Qiron” ordenini tantanali ravishda topshirdi.

Yetakchilar Qozogʻiston poytaxtida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali ochilishida ishtirok etdilar.

Bugun Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.

Shavkat Mirziyoyevga mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Sammit doirasida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda ikki tomonlama doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер