Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistonga tashrifi yakunlandi

19:13 20 Avgust 2024 Siyosat
229 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida tashkil etilgan oʻtovlar koʻrgazmasini koʻzdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Aytish joiz, davlat rahbari 2022-yilda hududga tashrifi chogʻida oʻtovlar koʻrgazmasini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shu asosda ellik gektardan ortiq maydon yanada obod qilinib, koʻplab oʻtovlar barpo etildi. Eng katta oʻtovning diametri 42, balandligi 22 metr. Unda maʼmuriyat, oshxona va boshqa xonalar mavjud. Bu yerda turli madaniy tadbirlar, forumlar oʻtkazish mumkin.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Majmuada qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirgʻiz, boshqird kabi turkiy xalqlarning hamda Qoraqalpogʻiston tumanlarining oʻtovlari tashkil etilgan. Ularda qardosh ellarimiz tarixi, madaniyati va turmush tarzi oʻz ifodasini topgan.

Prezident ushbu oʻtovlarni kirib koʻrdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bizning tomirimiz, taqdirimiz bir. Mana shunday ishlarni koʻpaytirib, birgalikda festivallar oʻtkazib, xalqlar doʻstligini yanada mustahkamlash kerak. Milliy hunarlarni asrab, yosh avlodga yetkazish, bu boʻyicha shogirdlar tayyorlash, bolalar uchun oʻz ona tilida kitoblar chiqarishni kengaytirish zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bogʻda sunʼiy koʻl, orolcha va mehmonxona ham bor. Bular qisqa davrda mazkur maskanni turizm manzillaridan biriga aylantirdi. Oʻtovlar, milliy kiyim va buyumlarga sayyohlar katta qiziqish bilan qaramoqda.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер