Shaharlarning eng katta muammosi qanday hal qilinyapti?
BMT maʼlumotiga koʻra, dunyo aholisi 8 milliardga yaqinlashmoqda va bu raqam 2050-yilda 9,7 milliardga, 2100-yilda esa 11,2 milliardga yetishi kutilyapti. Aholining 55 foizi shaharlarda istiqomat qilayotgan boʻlsa, 2050-yilga borib bu raqam 70 foizga yetadi. Bu esa, katta-kichik shaharlarda chiqindilar bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaryapti. Maishiy chiqindilar aholi jon boshiga har yili 1 foizga oshayotganini eʼtiborga olsak, demak, muammoni hal qilish boʻyicha tezkor choralar koʻrilmas ekan, bu dunyo ekologiyasiga yana-da jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.
Bugun katta qurilish maydoniga aylangan Oʻzbekiston ham bu muammodan holi emas. Maʼlumotlarga qaraganda, soʻnggi yillarda mamlakatimizda yiliga 100 million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi, 35 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil boʻlyapti. Chiqindixonalar va chiqindi saqlash omborxonalarida 2 milliard tonnaga yaqin sanoat, qurilish va maishiy chiqindi saqlanmoqda va ular 12 ming gektar maydonni egallab yotibdi. Bu esa mamlakatimizda maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasini tubdan isloh qilish zaruratini keltirib chiqaryapti.
Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda chiqindilarga oid ekologik siyosat yuritish maqsadida 2002-yilda “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan. Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish, qayta ishlash xizmatlarini koʻrsatishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modeli joriy etildi. Bu sohaga ixtisoslashgan klasterlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, maishiy chiqindilar uchun poligonlarni tartibga keltirish borasida bir qator amaliy ishlar qilindi.
Xususan, sanitar tozalashga ixtisoslashgan korxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 2019-2021-yillarda 538 ta maxsus texnika xarid qilindi, joriy yil yakuniga qadar yana 280 ta maxsus texnika sotib olinadi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki koʻmagiga “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida 339 ta maxsus texnika xarid qilinadi.
2020-yilning sentyabrida Prezidentimizning “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Uning ijrosi doirasida joriy yilda Andijon va Samarqand viloyatlarida bittadan davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha tenderning birinchi bosqichi boshlangan. Toshkent viloyatida ham bu borada samarali ishlar olib borilyapti. Shuningdek, mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham bu boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati hududida umumiy qiymati 180,0 mln. AQSH dollar boʻlgan “Maishiy chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish va poligonlarni qurish” loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilyapti. Buning uchun umumiy maydoni 111 gektar(ga) boʻlgan yer maydonlari ajratildi.
Maʼlumki, chiqindilarning 80 foizini organik moddalar tashkil qiladi va ularni qayta ishlash natijasida katta miqdordagi energiya va energiya tashuvchilarni ishlab chiqarish mumkin. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xom ashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi uning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini koʻrsatmoqda va Yevropaning koʻplab davlatlarida chiqindilarni alohida yigʻish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, qogʻoz, plastik, alyuminiy kabi xom ashyoning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi.
Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda ham bu borada amaliy harakatlar allaqachon boshlangan. Prezidentning 2019-yil 17-apreldagi qarori bila “2019–2028-yillarda Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” tasdiqlangan boʻlib, unda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish koʻzda tutilgan. Ayni paytda Toshkent shahrida mazkur qaror ijrosi doirasida zarur shart-sharoitlarni yaratish ishlari olib borilmoqda.
Gʻayrat SAFAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring