Senatda Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

11:04 25 Iyul 2023 Siyosat
396 0

Joriy yilning 24-iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng koʻlamli hamkorlikni, xususan, mehnat munosabatlari sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo muloqotning oʻrni muhimligiga eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda Oliy Majlis Senati Raisi rahbarligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan mamlakatlarimiz oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlashga qaratilgan hamkorlik boʻyicha maxsus komissiya faoliyati samaradorligi alohida qayd etildi.

Koreya tomonining joriy yilning sentyabr oyiga moʻljallangan yangi formatdagi “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi” parlamentlararo hamkorlik boʻyicha sammiti koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi taʼkidlandi.

Muloqot chogʻida davlatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarda mehnat munosabatlari bilan bogʻliq yoʻnalish muhim ahamiyat kasb etishi, bu boradagi loyihalarni hayotga tatbiq etishning huquqiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish, oʻzaro takliflar bildirish, muzokaralar va uchrashuvlar oʻtkazishni faollashtirish masalalarini hal etish va yoʻnalishlarni belgilab olish muhimligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, BMTning “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish boʻyicha global tezlatkich” tashabbusi doirasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham takliflar ilgari surildi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining tegishli vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.

Memorandumni amalga oshirish doirasida mehnatni muhofaza qilish, gender tenglik, shuningdek, “Better work” dasturini amalga oshirish masalalarini hal etishda oʻzaro hamkorlikni aks ettiruvchi Qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?